Tojikistonda 5 militsioner va ikki jangari o'lgan

  • Amerika Ovozi
Voqea Rasht rayonida sodir bo'lgan. OMON guruhi tog'li hududda jangarilar bilan to'qnashgan.

Tojikistonda islomiy jangarilar va maxsus militsiya otryadi to'qnashib, OMONning 5 xodimi o'lgan. Jangarilar ikki kishini yo'qotgan.

Voqea Rasht tog'li hududida sodir bo'lgan. O'tgan oy jangarilar shu atrofda harbiylar ketayotgan kolonnani o'qqa tutib, 28 askarni o'ldirgan edi.

O'zbekiston Islomiy Harakati hujum uning ishi ekanini bildirgan. Maxsus kuchlar jangarilar iziga tushgan. Bugungi to'qnashuv mana shu operatsiyaning bir qismi.

Rasht Afg'oniston chegarasidan 75 kilometr, poytaxt Dushanbedan esa 175 kilometr narida joylashgan. NATO tomonidan Afg'onistonda siquvga olingan toliblar va al-Qoida jangarilari qo'shni Tojikistonga kirishga harakat qilmoqda, deydi tojik rasmiylari.

O'tgan hafta prezident Emomali Rahmon jangarilarga ultimatum qo'yib, qurollarini topshirishni talab qilgan. Ularga qarshi amaliyotda 9 nafari yo'q qilinib, 7 jangari qo'lga tushgan.

Mamlakat sharqida uyali aloqa xizmati o'chirilgan. Tojikiston rasmiylari nazarida jangarilarga muxolifatning sobiq dala qo'mondonlari boshchilik qilmoqda va ular orasida Rossiya, Pokiston va Afg'oniston fuqarolari ham bor.