Tojik-Amerika madaniy uyushmasi Vashingtonda nufuzini oshirmoqda

Tojik-Amerika madaniy uyushmasi (Tajik American Cultural Association -TACA)

Ayni damda Qo’shma Shtatlarda Markaziy Osiyodan qancha odam yashayotgani aniq emas, lekin besh respublikadan kelib o'rnashib, o'ziga xos jamoaga aylanayotgani oydek ravshan. (Video quyida)

Navro'z Markaziy Osiyo xalqlari uchun qadim bayram va o'lkalar bo'ylab keng nishonlanadi. Xorijdagi vatandoshlar esa uni birga nishonlaydi.

21-mart kuni Nyu-Yorkda "Vatandosh" tashabbusi bilan katta dasturxon yozildi. Konsert, yuzlab o'zbeklar ishtirokida shodiyona, diydorlashuv.

23-mart kuni esa Vashington yaqinida tojikistonliklar Navro'z bazmiga to'plandi. Undan oldin esa Amerika poytaxtida siyosiy-madaniy bir kecha tashkil etildi.

Tojik-Amerika madaniy uyushmasi

Tashkilotning asosiy maqsadi - yurtdoshlarni bir-biriga yaqinlashtirish, ilm-fan, san'at va madaniyatni targ'ib qilish.

Tojik-Amerika madaniy uyushmasining ochilish marosimi poytaxt Vashington markazida, AQSh qonunchilik organi joylashgan imoratda o’tgani bejiz emas. Bu jamiyat, qolaversa dunyo hayotiga doir eng muhim qarorlar shu yerda qabul qilinadi.

Amerikalik qonunchilar, siyosatchilar e’tiborini tortish, tojik diasporasi va madaniyatini ko’z-ko’z qilish va shu tariqa ikki davlat rishtalarini mustahkamlash maqsad qilingan.

Virjiniyadan kongressmen Jim Moran:

“Umid qilamanki, AQShdagi tojikistonliklar jamoasi nafaqat son jihatdan kengayishda davom etadi, balki uning nufuzi ham oshib boradi. Yaqinda Markaziy Osiyo mintaqasiga safar qilgan edim. AQSh sobiq sovet davlatlari iqtisodiy va siyosiy jihatdan mustaqil bo’lishini istaydi. Tojikiston oldida muammolar ko’p, ammo imkoniyatlar ham talay”.

Tojikistonliklar Vashington atrofida taxminan ikki ming, Nyu-Yorkda 10 mingdan oshiq. Kaliforniya, Kolorado va Nebraska shtatlarida ham ko’plab muhojirlar istiqomat qiladi.

AQShda yashash va ishlash huquqini beruvchi “Grin karta” lotereyasi orqali ko’chib kelayotganlar bu davlatdan har yili 300-500 kishini tashkil etadi.

Uyushma rahbari Vladimir Fedorenko:

“Uyushma nomidagi “tojik” so’zi etnik ma’noda ishlatilmagan, chunki mintaqada, ma’lumki, turli millat va elatlar yashaydi. Tojikistonga do’st, u yerda yashagan, ishlagan yoki bu davlat haqida bilmoqchi bo’lgan barcha uchun tashkilotimiz eshiklari ochiq. Madaniyat ellarni birlashtiruvchi kuch ekan, u siyosiy, mafkuraviy va diniy to’siqlarni oshib o’tishga qodir”.

Tojik-Amerika madaniy uyushmasi notijoriy tashkilot bo’lib, ta’limiy tashabbuslarga ham urg’u beradi. O’tgan yili yosh tojik olimlarining birinchi simpoziumiga mezbonlik qildi. Amerikada yashab, ishlayotgan yoshlar bir davraga yig’ilib, bu yerda ilm olish va izlanish sirlari bilan o’rtoqlashdi. Forum endi muntazam ravishda o’tkazib turiladi.

Shavkatjon Badalov, Nyu-Yorkdan mehmon bo’lib kelgan san’atkor:

“Tojikiston shahridan kelganman, Tojikiston o’zbeklari nomidan. Kelganimizga ham to’rt yil bo’lib qoldi. 2010-yil fevral oyida kelganmiz. Asosiy maqsadimiz ingliz tilini o’rganish, Amerikaning urf-odatlarini, qolaversa madaniyatini o’rganish maqsadida kelganmiz. Xudoga shukur mana to’rt yil ichida umuman ingliz tilini bilmasdik, tilni o’rganib, tushunadigan bo’ldik”.

“Hozir kundan kunga Nyu-Yorkda Tojikiston, O’zbekistondan kelganlar ko’payayapti. Bir-biri bilan juda do’stona munosabatda, qolaversa biz tashkil qilgan konsertlarda ular bir-biri bilan diydor ko’rishadi va xushlik bilan kutib olishadi”.

Tadbir mehmonlaridan yana biri Kongress kutubxonasidan Hirad Dinavariy:


“Amerikadagi tojik jamoasi jamul-jam bo’lib, Kongress a’zolari quvvatlovida bugun poytaxtda bir davraga to’plangani ajoyib bayram. Shu bilan birga, uyg’onish ramzi bo’lmish Navro’z ayyomini, bahorni nishonlayapmiz. Jamoa vakillariga aytmoqchimanki, Kongress kutubxonasida ular uchun tojik tilida bir dunyo adabiyotlar bor, bemalol foydalanishlari mumkin”.

Fedorenko deydiki, chet elga chiqqan har bir shaxs o'z vatanining yuzi.

“Kongressda ilk bor shunday tadbir o’tkazyapmiz. Bu yerda yashaydigan, o’qib ishlaydigan yigit-qizlarimiz Tojikistonning elchilaridir. Nafaqat mehmondo’stligimiz va milliy taomlarimiz, balki eng muhimi do’stligimizni namoyish etdik. Bir guruh tojik yoshlarining g’ayrati va jonbozligi bilan tuzilgan uyushmamiz bugun odamlarni va turli madaniyatlarni jipslashtiruvchi platformaga aylandi”.

Your browser doesn’t support HTML5

Tojik-Amerika madaniy uyushmasi - Tajik American Cultural Association