Rahmon qayta saylanishi tayin, ziyolilar Afg'oniston xususida nima deydi?

Tojikistonda o'tadigan prezident saylovlarida nomzodlarning barchasi Imomali Rahmonni yoqlaydi

Afg’onistonda kelasi yil bahorida o’tishi kutilayotgan prezidentlik saylovi oldidan nomzodlar asta sekin aniqlana boshladi. Kelasi oy saylov o’tadigan Tojikistondan farqli o’laroq Afg’onistonda jarayon qizg’in o’tishi hozirdan seziladi. Tojikiston ziyolilari vaziyatni o’ziga xos qiziqish bilan kuzatmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Tojikiston-Afg'oniston-Saylovlar-Ravshan Shams


Tojikistonda panoh topgan afg’on qochqinlaridan biri, muhandis Muhammadjon saylovlar shaffof o’tishiga shubha bilan qaraydi. Zo’ravonlik odat tusiga kirib, inson huquqlari poymol etib kelinayotgan mamlakatda demokratik saylov bo’lishiga ishonmaydi.

Yosh sharqshunos Akmalxon Saidov qo’shni davlatlar bilan munosabatlar haqida ilmiy ish olib bormoqda. Uning fikricha, saylov Afg’oniston siyosiy hayotida muhim ma’raka bo’lib, hukumat tepasiga yangi kuchlar kelsa, mamlakat hayotida keskin o’zgarishlar bo’lishi mumkin. Ammo uning o’zi bunga ishonmaydi. Negaki, Hamid Karzayning akasi Qayum Karzayning g’alaba qilishga imkoniyati katta, bu aniq, deydi u.

“Yana bir nomzod – Zalmay Rasulni shimoldagilar va mashhur qo’mondon Shoh Ma’sud tarafdorlari ham unga yordam beradi. Agar ularning qo’li baland kelsa, bizga ham yaxshi. Lekin bizning o’lkalarda hamisha podshoh amri vojib bo’lib kelgan, uning vorislari qolgan. Shuning uchun, nazarimda kurash qattiq bo’lsa ham, hukumat tepasida hozir kimlar bo’lsa, ularning xohlagani bo’ladi, bu Amerikaga ham ma’qul keladi”.

Tojik jamiyatshunosi VorisVohidiyning aytishicha, Dushanbedagi aksar ziyolilar ilgari ham nomzodini qo’ygan Abdullo Abdulloni hukumat tepasida ko’rishni istashadi. Chunki, bu odam millionlab afg’on tojiklari orasida o’ziga xos e’tiborga ega, uning prezident bo’lishi Tojikiston uchun ham katta imkoniyatlar yaratgan bo’lar edi, deydi Vohidiy.

Yosh mutaxassis Akmalxon Saidov nomzodlar orasida uch-to’rt kishigina real kuchga ega deb hisoblayd. Mujahidlar yetakchisi bo’lgan, ular orasida ancha ta’sirga ega Rasul Sayyofning imkoniyatlari radikal qarashdagi afg’onlar quvvati bilan yanada oshadi, deydi u.

“Tojikistonda vahobiiylar to’lib yotipti, hammasi soqol qo’yib olgan… Aynan shularning kuchi bor, ularning odamlarga ta’siri katta. Islom faktori Afg’onistonda bizdagidanam kuchli. Lekin mening shaxsiy fikrim – eng katta imkoniyat Qayum Karzayda. Ehtimol qayta saylov bo’lib qolar, lekin katta imkoniyat unda, ukasi ham Dushanbega bejiz kelmagan”.

Tojikistondagi kuzatuvchilarga ko’ra, saylov kuni yaqinlasharkan, ba’zilar nomzodlikdan chiqadi. Odatda maydonga chiquvchilar ko’p bo’ladi-yu, bellashishganda kelganda, ozadi, deydi ular.