Rossiya ommaviy axborot vositalarida (OAV) Tojikiston G’arb tomon yuz tutayotgani haqida xabarlar ko'paygan bir paytda, mamlakatning o’zida G’arb davlatlariga nisbatan ishonchsizlik bildiruvchi maqolalar ko’paygan.
Your browser doesn’t support HTML5
Respublika, viloyatlar, nohiya gazetalarida, radio, televideniyeda ham G’arb xalqaro terrorizmni moliyalashtirmoqda, degan iddaolar ko'zga tashlanadi.
Ba'zi tahlilchilarga ko’ra, bu kabi maqolalarning paydo bo’lishi mamlakat tashqi siyosatini shakllantiruvchi kuchlar orasida turfa qarashlar mavjudligidan, G’arbga yoki Rossiyaga yondashuvchi ta’sir doiralari orasidagi kurashdan darak beradi.
Keyingi yillarda Tojikiston matbuoti G’arb maxsus xizmatlari xalqaro terrorizmni moliyalashtirayotgani, mintaqa yoshlari mafkurasini qasddan buzayotgani haqida ko'p yozdi.
Masalan, So'g'd viloyat hukumati gazetasida filologiya fanlari nomzodi Akbarov Tojikistonning sodda yoshlari qaynoq qonli bo’lgani uchun turfa oqimlarga qo’shilib ketayotganini qayd etadi.
"Bugungi kunda G’arb josuslik xizmati AQSh, Angliya, Fransiya, Germaniya boshchiligida va arab shayxlari qo’llab-quvvatlashi bilan islom dinidan foydalanib, yoshlarni ota-onalarini tanimaydigan darajada manqurtga aylantirishni maqsad qilishgan”, deyiladi maqolada. Bu olim o'z fikrini “yoshlarimizni kofirlar nigohidan saqlash lozim”, deb yakunlaydi.
Bu kabi maqolalar tug’ilishini izohlar ekan, mahalliy media-ekspert Farrux Axrorov xalqaro terrorizmni moliyalashtirishda G’arbni ayblayotganlarning o’zi ko’p narsani bilmaydi, deydi.
"Birinchidan, bir qancha mamlakatlar maxsus xizmatlari bir ishni rejalashtirgan bo’lsa, bu ishni juda puxta bajarishadi, isini ham chiqarishmaydi. Bunaqa maqolalar esa buyurtma asosida bo’ladi, kimlardir nimadandir manfaatdorligi aniq. Ikkinchidan, hozir OAVlar borki, hammasi kimdandir, nimadandir manfaatdordirlar, mustaqil matbuotni o’zi qolmadi hisob. Hamma narsa bir-biriga bog’anib ketgan", - deydi Axrorov.
Ziyoli Shavkat Jo’raboyev deydiki:
“Gazeta o’qimaganimga ancha bo’ldi. Shunaqa maqolalar chiqar ekan, demak hukumat bir nimani biladi, yana xalqni ham avrab turish kerak-ku”.
O’qituvchi va jurnalist Orifjon G’ofurov fikricha, G’arb, xususan, Amerika ayblanib chop etilayotgan maqolalarda jon bor. U televizorda ko’rsatilgani va aytilganiga ishonishini ta’kidlaydi.
"Amerika “biz birovlar bilan urushmaymiz, ammo qurol-yarog'dan yordam beramiz” degan gapni aytgan, televizorda eshitganman. G’arb davlatlari o’zi terrorni tashkil etmoqda deganda bir xillari haqiqatni aytadi, ayrimlari bo’hton ham bo’lishi mumkin. Biz axir o’zimiz Amerikani ko’rmagan-ku! Lekin Amerika bilan yagonalik xususiyatiga ega davlatlar o’zi Amerika bilan aloqa qilishdan sal bosh tortyapti. Misol, Fransiya bosh tortdi, to’g’rimi? Misol, islom davlati tuzaman degan aqidaparastlarga qarshi kurashga Fransiya ham qo’shilib ketdi, lekin Amerika unday qilgani yo’q. O’zi bilan aloqa qiluvchi, yagona NATOga a’zo davlatlarni kuzatuvini qo’lida ushlash uchun kuzatuv olib borganini o’qiganman", - deydi Orifjon.
Ehtimol mahalliy matbuotda Amerika xalqi hayotini yorituvchi maqolalarni ham chop etish kerakdir, degan fikrga Orifjon “Amerika xalqi qanday yashayapti, qanday yo’q, unisini men bilmayman-u, lekin Amerika meni fikrimcha, dunyoga gegemon bo’lishni istayapti”, deb javob qiladi.
Tojikiston universitetlaridan birida dars beruvchi keksa professor bilib-bilmay alohida bir davlatga ayb qo’yishni xato deb hisoblaydi. Uning fikricha, biron davlatni, xususan, Amerikani ta’kidlab ko’rsatish mumkin emas.
"Chunki, mening fikrimcha, faqat ular emas, bu yerda o’sha ekstremistik oqimlarga mansub kuchlar borki, har narsada aybni G’arb davlatlariga yuklaydi. Islom dunyosiga mansubligimiz sababidan bu yerda G’arbga nisbatan salbiy fikrlar tez asoslanadi, masalaning bu jihati ham bor", - deydi u.
Regionimiz qanaqa g’oya va qanaqa ta’sir ostida ekanligini ham unutmasligimiz, bu masalada ehtiyot bo’lish zarur, deydi professor.
Xalqaro terrorizmni G’arb moliyalashtirmoqdami degan savolga, advokat Sherali Xoliqov jiyani Akbarali Germaniya jamg’armasi moliyalashtirgan programma asosida Yevropada o’qiyotganini aytadi.
“U yerda islom e’tiqodi Tojikistondagidan ham erkinroq, matbuotimiz esa unaqa maqolalar chop etishdan uyalishi kerak. Agar ularga ishoniladigan bo’lsa, hammasi to’g’ri bo’lsa, yoshlarimiz Yevropada nima qilib yuribdi?”, - deydi u.
Xoliqov fikricha, G’arb dunyosini ko’rgan, unda yashagan mahalliy yoshlar borki, albatta ochiq jamiyatni xush ko’radi, orqaga qaytishni istamaydi.