Tojikiston ahli: Suriyada urush bo'lmasin, u faqat xarobalik keltiradi

Halabda urush oqibatda vayron bo'lgan Umayyad machiti.

Tojikiston shimoli, Xo'jand shahridagi qadimiy shayx Musliddin madrasasi mudarrisi Orifjon Boyzoyev fikricha, Amerika ikkinchi Vyetnamni xohlasa, qurol ishlatadi.

Your browser doesn’t support HTML5

Tojikiston ahli Suriya urushi haqida/Ravshan Shams


“Suriya xalqi o’z taqdirini o’zi hal qilishi kerak, eski rahbar ketishi kerak, buni o’rtada o’zlari hal qilishi kerak. Eronning urushga qo'shilishi haqidagi gaplar esa xayoliy narsa”, - deydi Boyzoyev.

Sharqshunoslikdan saboq beruvchi Muhammadjon Ahmadov esa BMT ekspertlari xulosasiga qarab ish tutish zarur deb hisoblaydi.

U Suriya armiyasi kimyoviy qurol ishlatganiga ishonmaydi. Ahmadov deydiki, Suriya davlati o’zini o’zi idora etishi lozim, chetdan aralashuv bo’lmasligi kerak.

“Urush bo’lmasin, u faqat xarobalik keltiradi. BMT komissiyasi xulosasini kutish kerak. Obama mas'uliyatni Kongressga qo’ymoqda. Lekin Kongress Londonda bo’lgani kabi prezident qarorini tasdiqlamasa, u sharmanda bo’lishi mumkin”, - deydi muallim.

Tojikistonda katta yoshdagi ziyolilar orasida Assad rejimiga hayrixohlik kuzatiladi. Ko'plab yoshlar nazarida esa zolim rahbar ketishi kerak.

Talaba Habibullo Berdiyev islomda zulm harom qilingan, deydi.

“Zulmning oqibati tez qaytadi. O’z rahbarlariga qarshi chiqayotgan xalq shunchaki ko’tarilgan emas, ular zulm ko’rganidan hayotlarini xavfga solayotgan bo’lishlari mumkin. Buni o’rtada turadigan xolis BMTmi, inson huquqlarini himoya qiladigan guruhlarmi o’rganib chiqishlari kerak. Bizga yetgan ma’lumotga ko’ra u yerda xalq juda ham qattiq zulm ko’rmoqda. Bunday zolim peshvolarni duo qilish ham bizlar uchun mumkin emas. Fikrimiz shuki, qatliom kuchayadigan bo’lsa, ahvol shunday davom etsa, bu hukumat barham topib, rahm-shafqat qiladigan boshliq kelsa, hozirda bo’layotgan qatliomlarni to’xtatadigan rahbar bo’lsa, yaxshi bo’lardi”, - deydi talaba.

Sharqshunos Ahmadov mintaqaviy urush ehtimoli haqida ogohlantiradi:

“Suriyadan keyin navbat Eronniki ekanini ular yaxshi tushunishadi. Suriya o’zidagi raketalarni Isroilga qarshi ishlatsa, Eron urushga kirsa, buning oqibati nima bo’lishini tasavvur ham qilolmayman”.

Mahalliy rus eksperti Valentina Doronina ta'bircha, Eron betaraf qoladi, chunki urushga kirish mag’lubiyat keltirishini islomiy tuzum yaxshi biladi.

Suriya, fuqarolik urushi


Suriya urushi me'moriy obidalarni yakson qilayapti