Tojikistonda so’nggi yillarda yuzlab taqvodorlar noqonuniy diniy oqimlar va ekstremistik tashkilotlarga a’zolikda ayblanib, ozodlikdan mahrum etildi.
“Hizb-ut-Tahrir” partiyasi, O’zbekiston islomiy harakati yoki salafiylarga qo’shilganlikda ayblangan fuqarolarga qarshi tadbirlar ko’rilmoqda. Jamiyatda radikallashish shu qadar kuchlimi yoki bu diqqat-e’tiborni xalq noroziligidan chalg’itish uchun bir bahonami?
Shu oy o’rtalarida Tojikiston shimolida O’zbekiston islom harakatining asosan yoshlardan iborat 30 dan ortiq faollariga 8 yildan 30 yilgacha qamoq jazosi berildi.
So’g’d viloyatida o’tgan bir yilda diniy oqimlar va ekstremistik tashkilotlarga a’zolikda ayblanib, 200 ga yaqin odam qamalgan.
Radikal qarashdagi yoshlarning ko’payib borishini namozxon yigit Sharifshex To’raxo’jayev ularga hukumat bosimi ortayotgani bilan izohlaydi. Uning aytishicha, diniy tadbirlarni cheklab, siyosatni machitlarga aralashtirish xatodir. Xo’jandda din avj olayotganidan qo’rqib, turli bahonalar bilan hatto go’daklarni machitlarga kiritishmayapti, deydi u.
“Juma namozlarida hukumat odamlari machitga kelib, maktabga bormagan bolalarni ro’yxatga olishmoqda. Turli bahonalar bilan ularni machitlarga qo’yishmayapti. Bunaqada yoshlar yashirincha yo’llarga kirib ketadi-da”, - deydi namozxon.
Keyingi yillarda shahar va nohiyalarda machitlar ko’payib ketayotganidan hukumatgina emas, ziyolilar ham tashvishga tushmoqda. Masalan, Xo’janddagi eski shahar mahalla qo’mitasi faoli Abduvali Sohibov shaharning har o’n qadamida bir machit qurish shart emas deb hisoblaydi. Buning o’rniga maktab, bolalar bog’chasi, o’yin maydonchalari qurgan ma’qul.
“Bizni mahallada machit quraman deb, hujjat rasmiylashtirib, bu yerga salafiylar o’ziga avtobekat qilishmoqda. Maqsad pul ishlash. Pulni qayerga sarflashadi ular, yoshlarni zaharlaydi”, - deydi u.
Uning fikricha, qishloq jamoatlarida ham yoshlar bilan ishlash qo’mitalari tuzish zarur. U jamiyatning jadal islomlashuvi iqtisodiy holatga ham bog’liq ekanini inkor etmaydi.
“Ayniqsa hozirgi zamonda bunga ko’z yumib bo’lmaydi, tan olmasdan iloj yo’q. Norozilik motivlari kelib chiqishiga iqtisodiy yetishmovchilik ham sabab bo’lishi tabiiy hol”, - deydi jurnalist.
Tojikiston hukumati o’tgan yillarda arab davlatlarida diniy ta’lim olayotgan mingdan ortiq yoshlarni vatanga qaytardi. Mahalliy ziyolilar fikricha, chetga diniy saboq uchun ketayotganlar hali ham bor va ularni o’qitayotganlarning maqsadi jamiyatni buzishdir.
Mahalla qo’mitasi faoli Abduvali Sohibov deydiki: “Bizni odamlar Suriyaga borib machitlarga kiradi. Davlatniki qabul qilmagandan keyin boshqa machitlar ko’p. Ularni salafiylikka tayyorlab, keyin bizga jo’natishadi, maqsadi buzg’inchilk”.
“Pul uchun ular ota-onalari, bobolarini va o’z vatanlarini sotib yuboradilar. Bunday odamlarga millat dushmani sifatida qarash kerak. Odamlar buni tushunmasdan orqasidan ergashadi”, - deydi u.
Tojikistonda turlicha g’oyalarni tarqatayotgan diniy oqimlar hukumat xavfsirayotgandek davlat tepasiga kelishi mumkinmi, degan savolga tojik ziyolilari rad javobini berishadi.
“Chunki VVP degan ishonchli birodarimiz bor, bu – Vladimir Vladimirovich Putin bo’ladi. Bu yerda ularning 201-chi dviziyasi bor, qo’ymaydi ular”.