Tojikistonda Rog'un to'g'onining qurilishi boshlandi

Qurilishni Prezident Emomali Rahmon ochib berdi.

O`zbekiston va Tojikiston o`rtasida mafkuraviy kurashga aylangan Rog`un GESining qurilishi boshlandi. O`tgan hafta Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning o`zi daryo o`zanini to`sish ishlarida qatnashdi. Rog`un GESi O`zbekiston aholisi uchun falokat ekanligini uqtirib kelgan rasmiy Toshkent ham, bu haqda Tojikiston hukumatini shaxsan ogohlantirib kelgan Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev ham sukutda. O`zbek matbuotida to`g`on ko`tarilishiga qarshi yuritilgan uzoq yillik targ`ibot kurashi Karimov vafoti bilan yakun topgandek. Ammo “Rog`un”ning 32 millionlik O`zbekiston aholisi hayotiga qanday ta'sir ko`rsatishi yuzasidan aniq tadqiqotlar yo`qligi ham aytiladi.

“Tojikiston hukumatining Rog`un GESi qurilishini davom ettirishdagi tavakkalchilik qadamlari yuzaga kelishi mumkin bo`lgan xavfli va tuzatib bo`lmas oqibatlardan xavotir hissini paydo qilmay qo`ymaydi”, - deyilgan edi Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Bosh vaziri Qohir Rasulzodaga yo`llagan so`nggi maktubida.

Iyul oyida e`lon qilingan bu maktubdan so`ng to`rt oyga yaqin vaqt o`tdi. Bu orada mintaqadagi suv mojarosi urushga ham sabab bo`lishi mumkinligidan ogohlantirgan prezident Karimov vafot etdi, uning o`rnini Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev egalladi.

Muvaqqat prezident Mirziyoyevning “Rog`un” bo`yicha pozitsiyasi uning Bosh vazirlik qilgan davridan faqr qiladimi yoki yo`qmi, hozircha noma`lum. Bu qanday bo'lishidan qat`i nazar, Tojikiston Rog`un GESi qurilishi boshlanganini e`lon qildi.

29- oktabrda Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon GES uchun to`g`on ko`tarish ishlarini shaxsan boshlab berdi. Rog`un 2018-yilga borib to`liq ishga tushirilishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan o`tgan tantanali marosimda so`zlagan Rahmon O`zbekistonni suvsiz qoldirmaslikka va`da berdi.

Dunyodagi eng baland suv ombori bo`lishi kutilayotgan “Rog`un” o`n yillardirki, O`zbekiston-Tojikiston o`rtasidagi ziddiyatga sabab bo`lib keldi. Toshkent yirik to`g`on suv tanqisligini yanada kuchaytirishidan xavotirda, Dushanbe es u faqat Tojikistonga tegishli suvdan to`ldirilishini ta`kidlab keladi.

Uzoq yillik bu tortishuv so`nggi yillarda mafkuraviy tus oldi. Dushanbe “Rog`un”ni elektr mustaqilligini ta`minlovchi milliy strategik loyiha sifatida e`lon qilgan. Toshkent tahdidni ko`rsatish ishlariga matbuotni, jamoatchilikni safarbar qildi. O`zbekistonda Ekologlar harakatining tashkil topishi ham shu ziddiyatdan asos olgani aytiladi.

Mafkuraviy to`qnashuvlarga sabab bo`lib kelgan GES qurilishining boshlanishi ortidan rasmiy Toshkent saqlayotgan bugungi sukut notabiiy ko`rinadi. Sharhlovchilar bu haqda faqat taxminlar bildirish mumkinligini aytishmoqda. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov ulardan biri.

“Karimov o`limidan so`ng Tosjikiston Rog`un qurilishini shiddatli suratlarda boshladi, bu yerda ikki talqinni aytish mumkin. Birinchisi, Tojikiston Karimov o`limidan keyingi siyosiy fursatdan foydalanib, qurilishni O`zbekiston tomoni roziligisiz boshlashga qaror qilgan. Saylovda qatnashayotgan Mirziyoyev aloqalarni buzmaslik uchun sukut saqlayotgan bo`lishi mumkin. Ikkinchisi, Tojikiston hukumati O`zbekistonni bundan xabardor qilgan, ammo bu jamoatchilikka oshkor qilinmayapti. Hukumatlar o`zaro yopiq kelishuvga borishgan. Biroq bu talqinlarning qaysi biri amalda qo`llanilayapti, aytish qiyin”, - deydi Rabbimov.

Dunyodagi eng baland to`gon bo`lishi kutilayotgan Rog`un GESi xavfsizligi yuzasidan Jahon Banki ekspertlari tadqiqot o`tkazgan. Ekspertlar xulosasi O`zbekiston ta`kidlayotganidek xavfli emas, ammo bu xulosalar ko`proq seysmik faol hududda to`g`on ko`tarish xavfi bilan bog`liq.

GESning to`liq qudrat bilan ishga tushishi mintaqa aholisining suv ta`minotiga qanchalik ta'sir qilishi mavhum. Ayniqsa, ziddiyatlar boshlangan paytda 20 millonlik bo`lgan O`zbekiston bugun 32 million aholiga ega.

“Daryo o`zanini jiddiy bo`g`ish endi boshlandi, oqibatlari O`zbekiston uchun qanday bo`lishini keyingi yildan aniq gapirish mumkin. Ikkinchidan, O`zbekiston hukumati hali o`z xalqiga, jamoatchilikka bu hukumatning roziligi bilan bo`layotganini, suv to`silishi biror jiddiy oqibatga olib kelmasligi haqida tushuntirish bergani yo`q. O`zbekiston aholisi 90-yillarda 20 millionga yaqin edi, ammo u paytda Amudaryo va Sirdaryodagi suv sathi hozirgidan ancha ko`p bo`lgan. Bugun 32 million aholi bor, hatto markaziy viloyatlarda ham ichimlik suvi, qishloq xo`jaligini suv bilan ta`minlash katta muammoga aylangan”, - deydi siyosatshunos.

Islom Karimov vafotidan so`ng hokimiyatni vaqtincha boshqarayotgan Shavkat Mirziyoyev Karimov davrida qo`shni davlatlar bilan yomonlashgan aloqalarni yaxshilashga kirishgan. So`nggi paytda Tojikiston va Qirg`iziston bilan aloqalarda iliqliklar boshlangani kuzatilmoqda.