O’zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripovning Tojikistonga qisqa tashrifi chog’ida erishilgan kelishuvlar va mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Dushanbega kelishi haqidagi yangilik har ikki qo’shni respublika aholisi o’rtasida ko’tarinkilik ruhini uyg’otib yubordi.
O’zaro kelishuvga ko’ra, eski bordi-keldilar, yo’l-transport qatnovi tiklanishi, ikki respublika fuqarolarining har ikki mamlakatda vizasiz bir oygacha erkin yurishlari joriy etilishi haqidagi yangilik barchani teng quvontirmoqda.
Yangilik qaldirg’ochini O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Toshkentda qilgan so’nggi nutqida uchirgan bo’lsa, endi qardosh xalqlar uning qanotlari epkinini tuymoqda.
Asrlar davomida o’zaro chegarani bilmagan Tojikiston va O’zbekiston orasidagi aloqalar o’tgan 20 yil orasida juda susayib, hatto tog’ oldi chegaralari minalashtirib tashlangan edi.
Tojikiston rasmiy doiralariga yaqin manbalardan olingan xabarlarga qaraganda, "ikki davlat orasida keng imkoniyatlar ochiladi, hozircha fuqarolarning bir oygacha o’zaro vizasiz bordi-keldilari amalga oshirishi haqida gap bormoqda". Kelajakda viza tartibi oradan butunlay ko’tarilishi mumkin, deydi kuzatuvchilar.
Tojikistonlik o’zbek yozuvchisi Ahli Rasul Muhammad ikki qo’shni respublika orasidagi muammolar haqida gapirar ekan, ham Tojikiston, ham O’zbekiston tadbirkorlari o’tgan yildan beri hukumatlaridan viza tartibi oradan ko’tarilishini so’rab kelayotganini aytadi.
"Mayli, hujjatlarni, cho’ntaklarni tekshirsinlar, tuflilarimizni yechib ko’rishsin, mayli, lekin vizani ko’tarsin, yo’q qilsin! Bu bir! Mirziyoev hal qilishi kerak bo’lgan ikkinchi muhim masala bor. O’zbek va tojik fuqarolari orasida o’zaro nikohi borlar bor, xoh erkak bo’lsin, xohi ayol, ana shularning bir tarafni ixtiyoriy tanlab, o’sha yerda muqim yashay olishlari muammosini yechish lozim!", - deydi u.
"Masalan, o’zimning jiyanim Boyovutdan, O’zbekiston fuqorosiga uylangan, kuyov Tojikiston fuqorosi. Bordi-keldining qiyinligi uchun shular majbur ajralib ketishdi, ana shunaqalarni har ikki davlat rahbarlari hal etishi kerak. Birgina bizning posyolkadan kamida 7-8 oila ayni shu sabab, hujjatlar rasmiylashtirilmasligi muammosi ortidan ajralib ketdi, bolalar tirik yetim qoldi", - deydi Tojikistonning O’zbekiston bilan chegaradosh nohiyasidan bo’lgan o’zbek shoiri.
Har ikki davlat rahbarlari o’zaro kelishuvlari haqidagi aniq rasmiy xabarlar tarqalayotgan bo’lsa-da, ayrimlar orasida hali-hanuz ishonchsizlik bor. Bunday xavotirlarni Ahli Rasul asossiz deb biladi.
"Umid qilsa bo’ladi, masalan, qirg’iz-o’zbek chegarasi ochildi, o’zbek-qozoq orasida avtobuslar qatnamoqda. Turkmaniston bilan bordi-keldiga bir emas, ham poyezd, ham avtomobil - ikki ko’prik qurildi. Bunga ishonsa bo’ladi! Men o’zim shaxsan hammasi yaxshi bo’lishiga ishonaman. Odamlar hamma yerda, choyxona-oshxonalarda shu haqda sevinch bilan gapirmoqda, hamma sog’ingan", - deydi u.
"Menga qolsa, butun Markaziy Osiyodagi besh respublika bir bo’lsak! Elimiz Rossiyada mardikorchilikda sarson bo’lmasdi, qaytanga ruslar bizga ishlagani kelardi. Axir bizning dinimiz, madaniyatimiz, butun tariximiz tamoman bitta! Yana eng muhimi, agar yagona bo’lsak, masalan, xalqlar o’rtasida bir-birini nazorati kuchli bo’ladi, bir-biridan uyaladi, o’g’irlik, muttahamlik, korrupsiya bo’lmaydi. Oshna-og’aynigarchilik, qarindosh-urug’chilik bo’lmaydi. Masalan, bir tashkilotda qozoq, tojik, o’zbek, qirg’iz ishlasa, ularning o’rtasida pora bo’lmaydi, haqiqat bo’ladi", - deydi yozuvchi Ahli Rasul Muhammad.
U yana ta’kidlaydiki, bir vaqtlar marhum Karimov va hozirda Qozog’iston Prezidenti Nursulton Nazarboevlar Markaziy Osiyoda respublikalar birligini yoqlab chiqishgan, ammo qandaydir tashqi kuchlar ta’siridami, bu narsa amalga oshmagan.
"Rahmatli Karimov ham, Nazarboyev ham birlashaylik, deb aytgan edi, lekin qandaydir, bo’lmadi. Nazarimda tashqi kuchlar qarshilik ko’rsatdi, ular qo’rqdi tashqi kuchlardan. Hozir ham Rossiya xohlamaydi bizning birlashishimizni, Xitoy ham xoxlamaydi. Chunki, bilasizmi, ulardan ham kuchli davlat paydo bo’ladi-da! Hozirgi sharoitda hech qaysisi kimlargadir quloq solmasdan, irodani birlashtirib, o’zining shaxsiy ambitsiyasi, obro’-e’tiborini o’ylamasligi kerak", - deydi Ahli Rasul Muhammad.
"Besh yil o’tsin, o’n yil o’tsin, bir marta emas, to’rt marta qayta saylansin, baribir ketar ekanku rahbarlar, mana, Karimov ketdi-ku! Shuning uchun tarixiy bir o’lkani birlashtirsa, axir qadimdan bitta bo’lgan-ku, Movarounnahr bo’lgan, Turon bo’lgan, Turkiston bo’lgan, bitta davlat bo’lgan! Bir bo’lsak, judayam katta savob ish bo’ladi-da, hozirda amaldagi prezidentlarning nomi kim bo’lishidan qat’i nazar, tarixda abadiy o’chmas bo’lib qoladi!" - deb fikrini yakunlaydi Tojikistonlik o’zbek yozuvchisi.
So’g’d viloyat o’zbeklar jamoatchilik tashkiloti raisi, dotsent Ilhom Yusupov mintaqada tub burilish bo’layotganligi haqida fikr bildirar ekan, hali qat’iy xulosaga bormaslik kerak degan fikrni aytdai.
"Avvalambor, shuni aytish kerakki, Shavkat Mirziyoyev 25 yil ichida amalga oshmagan narsalarni bir-bir yarim yil davomida amalga oshirmoqda, bu, albatta, tahsinga sazovor. Yagona elektr tarmog’ini tiklaydimi, poyezdlar harakatini tiklaydimi, ammo toki viza sistemasi o’zgarmas ekan, xalqning umidini oqlay olmaydi", - deydi u.
"Boshqa tomondan, agar qo’shni senga intilayotgan bo’lsa, marakalaringga qo’shilmoqchi bo’lsa, ko’rganda qo’sh qo’llab so’rashib, chehrasini ochib, quchoqlashib, ko’nglini ochsayuuu... Ammo lekin sen unga alikni ko’ngildagidek qilmasang, undan mehrni olmasang, o’sha davlatga, shaxsga nisbatan ko’ngling qoladi. Albatta, qars ikki tomondan deydi, shunday bo’lgandan keyin qo’shni ham shunga intilishi kerak. Mana, asosiy gap qayerda! Sen ming harakat qilsangu, barcha imkoniyatlaringni ishga solsangu, qo’shningning qalbida senga bo’lgan mehr muzlab ketgan bo’lsa, unda bu kunda barcha harakatlaringni amalga oshirish juda qiyin bo’ladi. Tojikiston ham o’z tomonidan bag’rini keng oshishi kerak, hamma gap mana shunda! Qars ikki tomondan chiqsa, ish oldinga siljiyveradi. Hamma narsani vaqt ko’rsatadi deyishadi-ku, kuzatamiz, ko’ramiz, vaqt o’zi oliy hakam", - deydi Yusupov.