Tojikistonda yoshlar internetga nima uchun kiradi?

Yevropa Komissiyasi tomonidan moliyalashtirilgan “Markaziy Osiyoda Ilmiy o’quv tarmog'i – CAREN” loyihasi asosida bu yil Tojikistonda 200dan ortiq universitet va ilmiy-tadqiqot institutlari yuqori tezlikda ishlovchi internet bilan ta’minlanmoqda.

So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, mintaqadagi besh mamlakatda internetdan foydalanuvchilar jami soni 5 milliondan oshadi.

Bu mamlakatlar orasida aholisi eng ko’p bo’lgan O’zbekiston internetdan foydalanishda birinchi o’rinni egallamoqda. Tojikistonda esa bu ko’rsatkich ancha past.

Hozir Tojikistonda internet tarmog’idan faydalanuvchilar miqdori 600 mingdan oshgan. Bu umumiy aholining 9 foizdan kamrog’ini tashkil etadi.

Jurnalist Malohat Mahkamova Tojikistondagi internet tarmoqlariga ulanish tezligining sustligidan nolisa-da, hududdagi boshqa davlatlar bilan taqqoslaganda, bu yerda turli axborot saytlariga deyarli to’siq qo’yilmaganini aytadi.

Lekin davlat qonun chiqaruvchi organi internet saytlaridagi noto’g’ri axborot uchun mualliflarni javobgarlikka tortish haqida qonun qabul etgan.

Malohat Mahkamova bu qonundan norozi.

“Jumhuriyat tomonidan chiqarilgan qonun asosida saytlarda chiqadigan materiallar uchun javobgarlikka tortish, menimcha, noto’g’ri bo’lsa kerak, – deydi u. – Chunki, butun dunyo miqyosida bayon etiladigan fikrlar ta’qibdan, nazoratdan xoli bo’lsa, juda yaxshi bo’lardi”.

Tojikiston oliygohlaridan birining o’qituvchisi Halima Karimzodaning fikricha, aksariyat yoshlar internetdan unumli foydalanishni bilmaydi.

“Ota-onalar farzandlari internet-kafelarda vaqtni qanday va nima uchun o’tkazayotganini bilib tursalar yaxshi bo’lardi, – deydi u. – Yoki bu internet-kafelarni daxldor tashkilotlar nazorat qilsalar, menimcha, maqsadga muvofiq bo’lardi. Unda 10-12 yoshli bolachalarni juda ko’p ko’raman”.

Olim Xo’jamurod Karimzod nazarida salbiy ta’sir o’tkazuvchi o’yinlar va fisqu-fasod tarqatuvchi saytlar orqali yoshlar yot mafkuralar domiga tushmoqda.

“Nazarimda, o’rta maktablarda farzandlarimizga internetdan foydalanish tartiblarini, bizning qadriyatlarga yot mafkuradan saqlanish yo’llarini o’rgatish payti keldi”, – deydi u.

Internet orqali Ukrainadan umr yo’ldoshi topgan va hozir Kiyevda yashayotgan tojikistonlik rus jurnalisti Aleksandr Radushkinning aytishicha, internet hech qachon biron sabab bilan yomon ta’sir o’tkazolmaydi.

“Chunki, internet yoshlar dunyoqarashini kengaytiradi, bilimlarini oshiradi, aql-idrokini ko’taradi, – deydi u. – Shuning uchun internetga qandaydir to’siqlar qo’yish o’zini oqlamaydi. Aksincha, yoshlar uchun man etilgan meva ta’mi shirin tuyulishini unutmaslik kerak”.

Mustaqil jurnalist Shahboz Aliyevning fikricha, mamlakatda internetdan foydalanuvchilar sonining ozligi turli sabablarga bog’liq.

“Internetda yoshlar ko’proq shug’ullana olishi uchun internet markazlari, masalan, internet kafelar bo’lishi kerak, – deydi u. – Odamlarga sharoit bo’lishi kerak. Bizda bunday markazlar kam bo’lgani uchun odamlar uncha qiziqqani yo’q. Pul yo’qligi uchun, elekt toki yo’qligi uchun, soliqlari borligi uchun odamlar internetda ishlashga qiziqmaydi".

Prezident Imomali Rahmon farmoni bilan 2010-yil respublikada “Maorif va texnologiya madaniyati yili” deb e’lon qilingan. Unga muvofiq, oliy o’quv yurtlari va o’rta maktablarida internet tarmog’ini rivojlantirishdan oldin tojik olimlari talabalar orasida ma’rifatni ko’tarishlari zarur.

Talaba Olim Haqqulovga ko’ra, yoshlar internetga har xil maqsadlarda kiradi.

“Yaxshiligi shundaki, – deydi u, – biz ilmiy ishlarimizda internet orqali dunyo miqyosidagi yangiliklardan foydalanamiz, bilimimiz oshadi. Yomon tarafi esa, ba’zi yoshlar vaqtlarini bekorchi va zararli o’yinlar, pornosaytlar, chatlarda o’tkazishadi”.

Kun ora 4-5 soat vaqtini internetda o’tkazuvchi Rashid Nazarov nazarida, internet - bilim olishning eng maqbul yo’li.

Bu texnologiyalarning taraqqiy etishi, deydi u, odamlarning bilim olish imkoniyatlarini kengaytirmoqda, ayniqsa yoshlarni qiyosiy, tahliliy fikrlashga o'rgatayotgan bo'lishi mumkin.