Qatar poytaxti Doxada Tolibon vakillari va Afg’onistondan kelgan yirik delegatsiya ikki kunlik anjumanga to’plandi. Tomonlar 18 yillik urushga barham berish yo’llari xususida gaplashmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Toliblar bir paytning o’zida AQSh muzokarachilari bilan ham aloqada. Ular bungacha olti karra gaplashgan. Qo’shma Shtatlar ham Afg’onistondagi harbiy amaliyotlariga chek qo’yish taraddudida.
Afg’on delegatsiyasi 50 dan ortiq siyosatchi va fuqarolik jamiyati vakillarini o’z ichiga oladi. Anjuman 7-iyul, yakshanba kuni boshlangan. Ishtirokchilardan birining aytishicha, Tolibon pozitsiyasida o’zgarishlar sezilmoqda.
“Nazarimda, ularning muomalasi o’zgargandek, ayollar bilan gaplashishga tayyor. O’tgan kuni kechki ovqat paytida ilk bor Tolibon vakillari bilan uchrashdim, ba’zilari yonimizga kelib gaplashdi”, - deydi Afg’on tinchlik kengashi a’zosi Asila Vardak.
Jangarilar harakatining yetakchi vakili Mulla Abdul Salom Zaifning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, siyosiy va harbiy bosimga qaramay, Tolibon o’ziga ma’qul bo’lmagan qarorlarni qabul qilmaydi.
“Jahon hamjamiyati, Afg’oniston hukumati va uning ittifoqchilari katta bosim qo’yishgan, biroq hozir o’zaro hurmat ko’rsatish vaqti keldi, voqelikni tan olib, bir-birimizning huquqlarimizni e’zozlab, yo’limizni topishimiz kerak”, - dedi u.
Tolibon Afg’oniston hukumatini AQShning qo’g’irchog’i deb, hozircha u bilan muzokara qilishdan bosh tortib kelmoqda. Qatarga borgan delegatsiya tarkibidagi siyosatchilar muzokaralarda xususiy shaklda ishtirok etmoqda, deydi toliblar.
29-iyun kuni AQSh muzokarachilari va Tolibon o’rtasida muloqotning yettinchi davrasi boshlandi. Qo’shma Shtatlar Tolibondan afg’on hukumati bilan muzokara boshlashni talab qilmoqda, aks holda tinchlik bitimi imzolanmasligini bildirmoqda.
“Muzokaralarda olg’a siljish bor, ammo yakuniy bitimga erishilgani yo’q hali”, - dedi AQSh bosh muzokarachisi Zalmay Xalilzod.
Muloqotga Qatar va Germaniya vositachilik qilmoqda.
“So’nggi bir necha yillar va oylar mobaynida qilingan harakatlar va ayniqsa, AQSh va Tolibon o’rtasida hozir kechayotgan muzokaralar tarixiy imkoniyatga yo’l ochdi. Muloqot muhim, biroq ma’noli jarayonga aylanmasa, foydasi yo’q”, - deydi Germaniya hukumatining Afg’oniston va Pokiston bo’yicha maxsus vakili Markus Potzel.
Tolibon AQSh va afg’on delegatsiyasi bilan gaplasharkan, hujumlarni bas qilgani yo’q. 7-iyul kuni G’azni shahridagi xurujda kamida 14 odam o’lgan, 180 dan ziyodi jarohat olgan.