Tolibon islohotlari haqiqatmi yoki afsona?

  • Amerika Ovozi

AQSh hukumati Afg’oniston bo’yicha maxsus elchi Zalmay Xalilzodga afg’on hukumati va Tolibonni muzokaraga da’vat etish vazifasini yuklab, 24-iyul kuni kuni Kobulga safabar etgan. Xalilzod ushbu safari chog’ida jami besh mamlakatda – Qatar, Afg’oniston, Pokiston, Norvegiya va Bolgariyada bo’lishi kutilmoqda.

Bu o’rtada Tolibonning aholiga nisbatan ayrim cheklovlarni yumshatgani haqidagi bayonotini kuzatuvchilar shubha bilan qarshilamoqda. Ularga ko’ra, toliblar o’z nazoratidagi chekka qishloqlarda inson huquqlarini poymol etishda davom etmoqda.

2001-yilda AQSh harbiy harakatlari natijasida hokimiyatdan ag’darilishidan oldin Tolibon mamlakat bo’ylab va ayniqsa ayollarga nisbatan o’ta qattiq qoidalar joriy etgan edi.

Joriy yil fevralida jangarilar AQSh bilan kelishuv imzoladi va so’nggi oylarda o’z qarashlarini isloh qilayotgandek ko’rsatishga harakat qilmoqda. Biroq Afg’oniston bo’yicha mutaxassislar buni xalqaro hamjamiyat e’tirofiga erishish yo’lidagi taktik usul deya ta’riflamoqda.

Xalqaro inqirozlar guruhida Afg’oniston bo’yicha katta tahlilchi Endryu Votkinsning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, tashqi dunyo bilan aloqalariga moslashishga urinayotgan jangarilar xalqaro diplomatiya tilini o’rganishga kirishgan.

Votkins nazarida, Tolibon AQSh bilan kechgan 19 yillik urush davomida 1990-yillarda Afg’onistonni boshqarishda qo’l kelgan mafkurasi asoslaridan voz kechgani yo’q.

“Bayonotlaridagi o’zgarishlar shunchaki taktik yoki strategik usuldir”, - deydi u.

Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Xyuman Rayts Uotch (Human Rights Watch) tashkilotining o’tgan oy chop etilgan bayonotida aytilishicha, Tolibon o’z nazoratidagi hududlarda aholiga qo’yilgan qattiq cheklovlarni yumshatgani yo’q.

Xususan, qizlarning ta’lim olishiga ortiq mone’ bo’lmasligini rasman bildirayotganiga qaramay, ayrim joylarda toliblar qizlar maktabiga ruxsat bermayapti, oz sonli jangarilargina qizlarni balog’at yoshiga yetganidan so’ng maktabga chiqarmoqda.

“Tolibon rahbariyatining gaplari joylardagi amaliyotiga to’g’ri kelmaydi”, - deydi “Xyuman Rayts Uotch”ning Osiyoda inson huquqlari ahvolini kuzatayotgan bo’limi mudiri Jon Sifton.

Uning aytishicha, toliblarning mahalliy qo’mondonlari rahbariyat ko’rsatmalarini o’zi bilgancha talqin qiladi.

Tashkilot Tolibonni o’z nazoratidagi hududlarda matbuot faoliyati va so’z erkinligini cheklayotganini ham qayd etadi. Guruhning omma ko’z oldidagi jazo amaliyotlari 1990-yillarga qaraganda ancha kamaygan bo’lsa-da, axloq mirshablari aholini hibsga olishda, kaltaklash kabi tan jazolarini berishda davom etmoqda, deyiladi tashkilot bayonotida.

Tolibon “Xyuman Rayts Uotch” ayblovlarini tashviqot deya inkor etarkan, bunday da’volar ortida siyosiy sabablar borligiga ishora qiladi.

Tolibon hukumatida ma’naviyat masalalariga mas’ul bo’lgan sobiq rasmiy Mavlaviy Qalamuddinning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, harakat aholining asosiy huquqlari, jumladan ayollar va qizlarning ta’lim olish huquqini himoya qilishga ahd qilgan.

Qalamuddin o’tmishda qizlarning ta’lim olishiga doir cheklovlarni infratuzilmaning bo’lmagani bilan tushuntiradi.

“U davrlarda ta’lim olishga maskanlar, transport, ayollarga ta’lim berishga ixtisoslashgan markazlar bo’lmagan edi. Hozir esa bor. Agar mamlakatda xavfsizlik va barqarorlik bo’lsa, ayollarga islom ahkomlari asosida to’liq huquqlar berilishi kerak”, - deydi u.

Tolibon Afg’onistonning bir qismini nazorat qilsa-da, rahbariyati xorijda joylashgan.

“Long War” jurnaliga ko’ra, Tolibon mamlakatdagi 407 ta tumanning 20 foizini nazorat qiladi, 50 foizini qo’lga kiritishga harakat qilmoqda. 4,5 million aholi bevosita Tolibon nazorati ostida, 12 million afg’on toliblar tortishayotgan hududlarda yashaydi.

Afg’oniston parlamentining quyi palatasi bo’lgan Volesi Jirg’a a’zosi Shinkay Karohaylning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Tolibon rahbariyati va vakillarining bayonotlari hamda joylardagi siyosati o’rtasida katta farq bor.

“Tolibonning siyosiy idorasi bayonotlar chiqaradi, biroq Tolibon nazoratidagi hududlarda ro’y berayotgan huquqbuzarliklarni tilga olmaydi”, - deydi noib.

Qizlar ta’limi

Janubdagi Hilmand viloyati hokimining maslahatchisi va ayollar huquqlari faoli Qamar Niyoziy viloyatda qizlarning ta’lim olishiga to’siqlar borligini aytarkan, toliblar o’g’il bolalarga maktabga chiqishga ruxsat berganini ijobiy o’zgarish, deydi.

Unga ko’ra, faollar viloyatda to’liq hukumat nazoratida bo’lgan tumandagina ayollar bilan ishlay oladi, biroq toliblar ta’sirida qolgan to’qqiz tumanga kira olmaydi.

Jon Siftonning aytishicha, Tolibonning shimoldagi Qunduz viloyatida qizlar ta’limiga yondashuvida uyg’unlik yo’q – ba’zi hududlarda qizlarga ta’lim olishga ruxsat berilgan bo’lsa, viloyatning boshqa joylarida qizlar maktabi yo’q, ayrim joylarda esa qizlarga faqat balog’at yoshiga yetgandan keyin o’qishga ruxsat beriladi.

“Ular qizlarning ta’lim olish huquqi haqida gapiradiyu, ammo shu bilan birga, agar mahalliy aholi bunga qarshilik bildirsa, uning istagini qondirish kerakligiga ishora qilishadi”, - deydi Sifton.

Tolibon 2001-yilda hokimiyatdan ag’darilganiga qaramay, YUNISEF hisobiga ko’ra, 2015-yilda boshlang’ich maktab yoshidagi qizlarning atigi 50 foizi o’rta maktabda ta’lim olgan. So’nggi yillarda zo’ravonliklar, qashshoqlik, ko’chishlar oqibatida maktablarda o’quvchi qizlar soni kamayayotgani aytilmoqda.

Matbuotdagi cheklovlar

Afg’onistondagi ayrim faollar va kuzatuvchilarning aytishicha, Tolibon nazoratidagi hududlarda inson huquqlari monitoringi bilan shug’ullanish xavfli ishdir. Jangarilar matbuotga qat’iy cheklovlar qo’yib, har qanday mavzuni yoritishdan oldin muxbirlar ruxsat olishi kerakligini joriy etgan.

“Jurnalistlar mustaqil ishlay olmaydi. Toliblar bor joylarga borish xavfli, o’ldirib qo’yishlari mumkin”, - deydi Hilmanddagi mahalliy radio stansiya jurnalisti Sami Serat.

“Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining shu yilgi hisobotida jurnalistlar xavfsizligi bo’yicha Afg’oniston 180 mamlakat ichida 122-o’ringa qo’yilgan. Tolibon, “Islomiy davlat” jangari to’dasi, mahalliy qurollangan guruhlar, poraxo’r siyosatchilar mamlakatda matbuot erkinligiga doimiy xavf ekani aytiladi.

Vashingtondagi AQSh Tinchlik institutida Afg’oniston bo’yicha yetakchi mutaxassis Skot Smit Tolibonning o’zgarishlarga moyilsizligiga ishora qilgan holda ekstremist harakatning hokimiyatga qaytish ehtimolini fojia deb ataydi.

“Xalqaro hamjamiyat Afg’onistonga yordam pulini berishdan oldin uni qanday hukumat boshqarayotganiga, asosiy huquqlar ta’minlanayotganiga e’tibor berib, pul 1990-yillardagi Tolibon tuzumiga o’xshash hukumatga berilmasligini ta’minlashi lozim”, - deydi Smit.