Afg’oniston Toliboni al-Qoida bilan hamkorlikni to’xtatmagan

  • Amerika Ovozi

Arxiv surat. AQShning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod Doxada Tolibon vakillari bilan uchrashmoqda, 8-iyul, 2019-yil

Ayrim xabarlarga ko’ra, AQShning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod oy boshida Tolibon vakillari bilan uchrashgan. Uchrashuv Tolibon yetakchilarining Pokiston rasmiylari bilan muloqot uchun Islomobodga borganida bo’lgani aytilmoqda.

Agar bu xabarlar o’z tasdig’ini topsa, bu AQSh va toliblar o’rtasida Prezident Donald Tramp sentabr oyida Tolibon bilan muzokaralarni to’xtatish qaroridan keyingi ilk uchrashuvi bo’ladi.

Ismini oshkor etishni istamagan Pokiston rasmiysining “Reyter” axborot agentligiga aytishicha, Pokiston Tolibonga tinchlik jarayonining muhimligini tushuntirib, AQSh vakili bilan uchrashishga ko’ndirgan.

Muloqot ishonchni tiklashga qaratilgani, tomonlar muzokara qilmagani aytiladi.

AQSh Davlat departamenti Xalilzodning toliblar bilan uchrashuvini izohlashdan bosh tortganiga qaramay, rasmiylardan biri elchi Xalilzod Pokiston rasmiylari bilan maslahatlashuv uchun uchrashganini “Reyter”ga ma’lum qildi.

AQSh va Tolibon vakillari Qatar poytaxti Doxada to’qqiz bor uchrashib, 18 yillik urushga chek qo’yishga harakat qildi. Tomonlar tinchlik bitimini imzolashga har qachongidan yaqin bo’lgan, biroq Prezident Tramp Tolibonni muzokaralar bilan bir paytda zo’ravonliklarni davom ettirayotganiga ishora qilib, o’tgan oy muloqotni to’xtatishni buyurdi.

Salkam bir yil davom etgan muzokaralarda, asosan, to’rtta masala muhokama qilingan. AQSh Tolibondan al-Qoida bilan hamkorlikdan voz kechib, Afg’onistondan turib AQShga qarshi terror xurujlarining rejalanishiga yo’l qo’ymaslik kafolatini talab qildi, harakatni Afg’oniston hukumati bilan bevosita muzokaraga undab, doimiy sulhga kelishishga da’vat etdi. Tolibon esa AQShga xorijiy qo’shinlarning hammasini olib chiqish talabini qo’ygan.

Xorijiy terror guruhlariga Afg’onistonda faoliyat olib borishiga imkon bermasligi haqidagi ishontirishlariga qaramay, Tolibon al-Qoida bilan hamkorlikdan voz kechmagani aytilmoqda.

O’tgan oy AQSh va afg’on harbiylari janubdagi Hilmand viloyatida Tolibonga hujum qilib, 23 jangarini o’ldirganida qurbonlar orasida olti nafar xorijlik jangari, jumladan, al-Qoidaning Hind okeani bo’yida joylashgan davlatlardagi faoliyatiga mas’ul Asim Umarning jasadi aniqlandi.

Hilmand hokimi Muhammad Yasin Xon bu ma’lumotni tasdiqladi.

Afg’oniston Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Ruhullo Ahmadzoyning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Tolibon va al-Qoida turli darajalarda aloqa olib bormoqda.

“Tolibon va’dalariga qaramay, ular al-Qoida bilan Afg’onistonda yaqin aloqada, rahbarlari esa xorijda birga turishadi”, - dedi Ahmadzoy qo’shni Pokistonga ishora qilib.

Islomobod jangarilarga boshpana berayotgani haqidagi da’volarni inkor etib keladi.

Tolibon Hilmanddagi amaliyotda qurbon bo’lganlar orasida harakat a’zolari yoki al-Qoida jangarilari bo’lganini inkor etarkan, hujum paytida tinch aholi nobud bo’ganini aytmoqda.

Vashingtondagi “Atlantika Kengashi” konservativ tahlil markazi eksperti Javid Ahmadning aytishicha, al-Qoida Tolibon bilan hamkorlikni davom ettirmoqda, ayniqsa, harakatning zo’ravonlikni yoqlovchi a’zolari bilan.

“Al-Qoidaning asosiy nishoni G’arb bo’lsa-da, Tolibonga mahalliy hujumlarda ham yordam berib turadi. Ayrim toliblar harakat maqsadlari va al-Qoida maqsadlari o‘rtasidagi farqni ko’rmayapti. Ular uchun jihodga asoslangan maqsadlarda farq yo’q”, - deydi tahlilchi.

Unga ko’ra, har ikki guruh taktika, resurslar, mutaxassislar va jangarilarni baham ko’rmoqda.

“Tolibon tarkibidagi ayrim konservativ a’zolarning al-Qoidaga o’tib ketgani haqida ham xabarlar bor, bu esa oradagi aloqani yanada kuchaytirgan. Tolibonning al-Qoida bilan aloqani uzish haqidagi va’dalari xomxayoldan boshqa narsa emas”, - deydi Ahmad.

Belfastdagi Qirolicha universitetining Global tinchlik, xavfsizlik va adolat instituti professori Maykl Semplning aytishicha, Tolibonning terrorchi ittifoqchilari bilan aloqani uzishiga umid qilish noto’g’ri.

“So’nggi 25 yilda Tolibon na al-Qoida bilan va na boshqa terror guruhlari bilan aloqani uzgan. Bunday bo’lishiga alomat ham ko’rmayapman”, - deydi siyosatshunos olim.

Semplning aytishicha, AQShning terrorchi guruhlar ro’yxatidan joy olgan Haqqoniy tarmog’i ham Tolibonga aloqador, ham al-Qoida bilan ishchi aloqalarga ega.

“Haqqoniy tarmog’i yetakchisi Sirojiddin Haqqoniy Tolibon harakati rahbarining o’rinbosaridir. Tolibonning harbiy qudrati, asosan, Haqqoniy tarmog’i salohiyatiga bog’liq”, - deydi u.

Professor Semplning xulosa qilishicha, AQSh va Tolibon tinchlik bitimiga kelisha olmaydi, chunki toliblar chorak asrlik terrorchi ittifoqdoshlari bilan aloqani uzmaydi.

Vashingtondagi Milliy mudofaa universiteti dotsenti Matt Diringning ta’kidlashicha, Tolibonga ishonish mumkin emas, ayniqsa, al-Qoida bilan munosabatlarni to’xtatish va’dasiga kelganda. Ular bilan kelishuvni imzolashdan oldin amaliy harakat talab qilish kerak, deydi u.

“Tolibon va al-Qoida amaliyotlarini muvofiqlashtirishda, strategiyani yaratishda, ijtimoiy sahifalarda bir-birini olqishlashda va aloqa qilishda davom etmoqda. Yaxshilab e’tibor berilsa, ikki tashkilot o’rtasidagi munosabatni ko’rish qiyin emas”, - deydi Diring.

Uning aytishicha, tashqi siyosatni yuritishda AQSh rahbarlari ichki siyosatni inobatga olmasligi kerak.

“Afsuski, 2020-yilgi prezident saylovidan oldin Tolibon bilan kelishuvga erishish ehtiyoji siyosatni yuritishga emas, siyosiy vaziyatga taqalib qolyapti. Tolibon bundan xabardor va uning muzokarachilari AQSh vakillariga ular eshitishni xohlagan narsalarni aytishadi”, - deydi Shimoliy Irlandiyada izlanish olib boruvchi mutaxassis.

Uning aytishicha, yolg’iz siyosiy maqsadda Tolibon bilan shartnoma imzolash kelajakda ham AQSh tashqi siyosati, ham Afg’oniston barqarorligi uchun fojiali bo’ladi.