Tolibon Ramazon hayiti oldidan sulh e'lon qildi

  • Amerika Ovozi

Tolibon Ramazon hayiti kunidan boshlab mamlakat bo’ylab sulh e’lon qildi. Ungacha esa jangarilarning hukumat kuchlariga hujumlari kuchaygandan kuchaymoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 10-may, 2021-yil

Bundan bir kun oldin Kobulda qizlar maktabining yonida bombalar portlab, 60 dan ziyod odam o’lgan, aksariyati talabalar.

Voqea shaharning shialar yashovchi mahallasida ro’y bergan. 50 dan ortiq odam jarohat olgan.

Aholi hukumatning xavfsizlikni ta’minlashga ojizligidan norozi.

Tolibon so’zlovchisi tinch aholiga qarshi hujumlarni olqishlamasligini aytib, xuruj ularning ishi ekanini inkor etmoqda.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish hujumlarni qoraladi, unga qo’l urganlarni javobgarlikka tortishga chaqirdi.

AQSh elchisi Ross Uilson ham shanba kungi xurujlarni qoralab chiqdi.

Tolibon rahbariyati “hayitni tinchlik va osoyishtalikda nishonlash maqsadida” barcha jangarilariga dushmanga qarshi harbiy harakatlarni to’xtatishni buyurgan, biroq hujumga uchrasa, o’zini mudofaa qilishi mumkinligini bildirgan.

Tolibon oldingi yillarda ham hayit bilan bog’liq sulh e’lon qilgan edi, biroq bayram o’tishi bilan janglar davom etgan.

Afg’oniston Ichki ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, sulh e’lon qilinishidan oldin janubdagi Zabul viloyatida avtobus bomba xurujiga uchrab, kamida 11 odam o’lgan.

Bu o’rtada Afg’onistondan qo’shinlarini chiqarayotgan Qo’shma Shtatlar bir harbiy bazasini yopib, 60 ta C-17 transport samolyotiga sig’adigan harbiy texnika va uskunasini mamlakatdan olib chiqishga hozirlab qo’ydi.

“Reja belgilangan maromda amalga oshirilmoqda”, - dedi AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin.

AQSh harbiylari Afg’oniston armiyasi va politsiyasini tayyorlashda davom etishini, biroq bu ish oson bo’masligini bildirdi.

“Mashg’ulotlar boshqa joyda o’tkazilishi mumkin. Hozircha bilmaymiz. Terrorga qarshi amaliyotlar ham mamlakat tashqarisidan amalga oshirilishi mumkin”, - dedi general Mark Milli.

Qo’shma Shtatlar Afg’onistonni salkam 20 yillik urushdan so’ng tark etmoqda.

“Uzoq yillardan beri Tolibonni jang maydonida mag’lub etishga behuda urindik. Harbiy harakatlar ham, Doxadagi muzokaralar ham turib qoldi. Afg’oniston hukumati bilan Kobulda izchil siyosiy tuzumni yaratishga qaratilgan harakatlarimiz ham turib qolganday”, - deydi AQShning NATOdagi sobiq elchisi, iste’fodagi general-leytenant Duglas Lut.