Matbuotdagi xabarlarga ko’ra, 2 mingga yaqin tojikistonlik yoshlar Afg’onistondagi millatdoshlarini quvvatlash uchun Panjsherga borib, Tolibonga qarshi kuchlarga qo’shilmoqchi.
Your browser doesn’t support HTML5
Bu Tojikiston hukumati ta’siridagi tashabbusmi yoki jamoatchilikda shakllangan mustaqil qarormi, noma’lum. Ammo qo’shni Tojikiston yoshlari urushmoqchi bo’lgan Tolibonni O’zbekiston prezidenti ishonchli hamkor sifatida ta’kidlayotgani inobatga olinsa, Markaziy Osiyoda Afg’onistondagi vaziyatga munosabat ancha farqli, ziddiyatli ekani ko’rinadi.
Katta ehtimol bilan bu vaziyat Afg’oniston atrofida shakllanayotgan yangi raqobat maydonida Markaziy Osiyoning ikki davlatini turli geosiyosiy qutblarga ajratishi mumkin.
Afg’onistondagi jarayonlar hozircha Toshkent kutgan yo’sinda rivojlanmoqda, Mirziyoyevning fikrlari bilan aytganda, ikki yillar avval toliblar bilan muloqot boshlagan O’zbekiston vaziyat shunday tus olishini bilgan.
O’zbekistonning Afg’onistondan kutayogan asosiy manfaati milliardlab dollar foyda berishi taxmin qilinayotgan transafg’on korridorini, temir yo’lni ishga tushirish.
Mamlakatning dunyo bozoriga chiqish yo’li shimolga, asosan Rossiyaga bog’lanib qolgani nazarda tutilsa, bu maqsad O’zbekiston uchun nafaqat iqtisodiy, balki strategik, siyosiy ahamiyat ham kasb etadi.
Toshkent bu maqsad uchun toliblarni O’zbekistonga taklif qildi, Tolibon qudratga qaytar ekan ular hokimiyatini, hatto bu hokimiyat shimoldagi o’zbeklar huquqini poymol qilgan taqdirda ham tan olishga tayyor turibdi.
Bundan qat’i nazar, Toshkentning bu siyosatini yoqlayotganlar ham ko’p. Sharhlovchi Namoz Normo’min O’zbekiston hukumati tanqidchisi sifatida tanilgan, ammo Afg’oniston masalasida u O’zbekiston hukumati siyosatini qo’llab-quvvatlashini bildiradi.