Tolibon harakatining marhum rahbari Mulla Umarning inisi ichki nizolar haqida gapirar ekan, guruhning tarqalib ketishi mumkinligidan xavotir bildirdi. "Amerika Ovozi"ning Islomoboddagi muxbiri Ayoz Gulning xabar qilishicha, ayrim a'zolar Tolibonning yangi raisi Mulla Axtar nomzodiga qarshi chiqmoqda.
Afg'on razvedkasiga ko'ra, Tolibonni ko'p yil boshqargan Mulla Umar ikki yil oldin Pokistondagi kasalxonada vafot etgan. Harakat bu ma'lumotni tasdiqlagach, uning o'rniga o'rinbosari Mulla Axtar Mansur tayinlandi. Biroq ayrim qo'mondonlar va Mulla Umarning qarindoshlari qarordan noroziligini yashirmayapti. Ular Mulla Umarning ukasi Mulla Abdul Mannonning rahbariyatga kelishi tarafdori.
Ko'zga ko'ringan Tolibon mullalari o'rtaga tushib, bahsni hal qilishga harakat qilyapti.
Your browser doesn’t support HTML5
Mansurning yordamchilari ichki nizo haqidagi gaplarni inkor etmoqda, ammo ma'lum darajada tortishuv mavjudligini yashirmayapti.
Mulla Abdul Mannonning o'zi "Amerika Ovozi" bilan suhbatda kelishmovchilik guruh faoliyatiga salbiy ta'sir qilayotganini aytib, ulamo bir qarorga kelmaguncha raqib tomonlar sabr qilishi kerak, dedi.
"Agar Mansurning tarafdorlari o'zboshimchalik bilan qaror chiqarib, muxolif a'zolarni do'q-po'pisa orqali Mansurga bay'at keltirishga majburlasa, bu ichki to'qnashuvga, qon to'kilishlariga olib kelishi mumkin. Mujohidlar bunday qarorni qabul qilmasligi kerak", - deydi Mannon.
Unga ko'ra, Tolibonga bosh bo'lish afg'onlar uchun muqaddas bir burchdir.
"Rahbarni hurmatli ulamo, qo'mondonlar va qabila oqsoqollari tanlashi kerak", - deydi u.
Mulla Mansurning so'zlovchisi Abdulhay Mutmain bu fikrga qo'shilmaydi. Unga ko'ra, rahbarlar kengashining 95 foizi Mansurga ovoz bergan. Mutmain Mulla Umar hayotligida ham uning so'zlovchisi bo'lgan.
“Amirul Mo'minin Mulla Muhammad Umar o'z oila a'zolariga harakat ichida mansab berilishiga qarshi edi, chunki u Islomiy Amirlikning bir oila tomonidan boshqarilishini istamas edi. Amirul Mo'mininning nomidan va oilasi a'zolaridan foydalanayotganlar to'g'ri ish qilmayapti. Bu Mulla Umarning oilasi yoki ishlariga sadoqati yo'q insonlardir", - deydi Mutmain.
Vashingtondagi Tashqi aloqalar kengashi tahlil markazi xodimi Daniel Markining aytishicha, Tolibon ichida jiddiy bahs ketyapti.
"Bu Afg'oniston uchun muhim jarayon. Mulla Umar paytida qarorlarni oz sonli guruh qabul qilar edi. Yangi rahbarni tanlashga haqqim bor deb o'ylayotgan toliblar ko'payib ketdi. Bu esa harakat ichidagi ziddiyatlarni oshkor etmoqda. Ayniqsa jang qilayotgan qo'mondonlar va Pokistondan turib guruhni boshqarayotgan rahbarlar o'rtasida. So'nggi yillarda bu nizolar yuzaga chiqdi, ammo hozir juda kuchaydi", - deydi Marki.
Amerikalik tahlilchiga ko'ra, toliblar janglarda g'olib chiqib, nazoratidagi hududlarni ushlab qolishni istasa, birligini yo'qotmasligi kerak. Biroq rahbar yagona bo'lmasa ham, deydi u, janglar, xurujlar davom etaveradi. Bunday vaziyatda Kobulga nazoratni o'z qo'liga olib, mamlakatni barqarorlashtirish yanada qiyin bo'ladi.