Tolibon Panjsherni nazoratga olganini da'vo qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Panjsher

Tolibon so’zlovchisi Zabihulla Mujohid poytaxt Kobuldan shimoli-sharqda joylashgan Panjsher vodiysida harakatga qarshi kuchlar qarshiligi bostirilganini, hudud Tolibon nazoratiga o’tganini ma’lum qildi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 6-sentabr, 2021-yil

Tolibon Panjsher aholisini tinchlikka chaqirib, ular kamsitilmasligini bildirdi.

Qarshilik kuchlariga qo’mondonlik qilgan Ahmad Mas’ud “Twitter”da salomat ekanini aytgan, biror qayerdaligini oshkor etmagan.

Mujohidning aytishicha, Mas’ud va Afg’oniston sobiq vitse-prezidenti Amirulla Solih qo’shni Tojikistonga qochgan.

Biroq Milliy qarshilik fronti vakillari Tolibon da’volariga ishonmaslikka chaqirmoqda.

Zabihulla Mujohid yangi hukumat tarkibi tez orada e’lon qilinishini, ayollar sog’liqni saqlash va ta’lim sohalarida ishga qaytganini aytdi.
Afg’onistonning “Ariana havo yo’llari” milliy aviakompaniyasi mahalliy parvozlarni jonlantirishi ketidan Kobuldagi Hamid Karzay xalqaro aeroporti tashqarisida turgan toliblar uchib kelayotganlarni tekshirmoqda.

"Aeroportga xavf solishi mumkin bo’lgan yuklarni nazorat qilyapmiz”, deydi ulardan biri.

Ayni paytda Kobuldan Hirot, Mozori Sharif va Qandahorga reyslar tiklangan.

Aeroport faoliyatini tiklashda yordam bergan Qatar Kobulga gumanitar yuk yetkazganini, keyingi bir necha kun davomida yordam kundalik ravishda uchirilishini bildirdi.

Kobulliklar hukumatga kim kelsa ham aholini ish bilan ta’minlasa bo’ldi, deydi.

Ba’zilar shaharda pasport idorasi ochilmayotganidan shikoyat qiladi. Mamlakatni tark etmoqchi bo’lgan, ammo hujjati yo’q odamlar 15-avgustda yopilgan idoraning ochilishini poylab turibdi.

Pasport olish yoki yangilash uchun aholi boshqa viloyatlardan ham Kobulga borishi kerak. Idora yopiqligi sabab ular mehmonxonalarda, ijara uylarda kutishga majbur.

Ba’zilarning aytishicha esa, ko’chada tushunmovchiliklarning oldini olish uchun toliblar formada yurishi kerak.

"Islomiy Amirlik jangchilarining ba’zilari oddiy kiyimda, ba’zilari harbiy formada yuradi. Ba’zan ularni ajratib bo’lmaydi”, - deydi Vajiulla ismli bir odam.

Entoni Blinken Qatar va Germaniyaga otlanmoqda. AQSh davlat kotibi ittifoqchilar bilan Afg’onistondagi vaziyatni muhokama qilmoqchi.

Qatar hukumati Kobuldan evakuatsiya qilingan minglab afg’onlarni vaqtincha qabul qilishda muhim rol o’ynadi.

AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin esa Qatar, Bahrayn, Quvayt va Saudiya Arabistonida bo’lib, hamkor davlatlar bilan afg’on mavzusida gaplashadi.

Ostinning “Twitter”da aytishicha, bu mamlakatlar yordamisiz evakuatsiyaning iloji bo’lmasdi.