Afg’oniston hukumatining e’lon qilishicha, hozirga qadar 5100 nafar Tolibon mahbuslari ozod etilgan. Guruh yana 400 nafar a’zolarining ozod etilishini talab qilar ekan, hukumat mazkur 400 tolib og’ir jinoyatlarda aybdor ekanini ta’kidlaydi.
Prezident Muhammad Ashraf G’ani uzoq muddatli qamoq jazosiga mahkum etilgan toliblarni ozod etish prezident vakolatiga kirmasligini aytgan. Masalani Loya Jirg’a, qabila va jamoa yetakchilaridan iborat kengash ko’rib chiqmoqda.
Yig’inning ikkinchi kunidan xulosa shuki, Loya Jirg’a a’zolarining aksariyati Tolibon mahbuslarini shartli ravishda ozod etish uchun ovoz bergan. Bu afg’on guruhlari orasida tinchlik muzokaralari boshlanishiga yo’l ochishi mumkin. Muzokara oldidan barcha tomonlardan sulhga rioya qilish so’ralmoqda.
Kengash yig’ilishi oldidan AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo qatnashchilarni tinchlikka erishish uchun “tarixiy imkoniyatdan” foydalanishga undagan edi.
Your browser doesn’t support HTML5
Loya Jirg’a ishtirokchisi, jamoatchi faol Zalmay Aziziyning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, ular bugungi kunda Tolibon qo’lida asir bo’lgan afg’on harbiylarining zudlik bilan ozod etilishini ham talab qilib chiqqanlar.
“Hukumat hozirgacha 4600 nafar toliblarni ozod etgan. Qolgan 400 nafarining ozod etilishi ham vaziyatga juda ko’p ta’sir qilmaydi deb o’ylayman”, - deydi Aziziy.
Tolibon guruhi qolgan 400 mahbus ozod etilishi bilanoq uch kun ichida tinchlik muzokaralarini boshlashga va’da bergan.
“Qolgan 400 nafar toliblar ozod etilsin. Tolibonning muzokaraga kelmasligi uchun hech qanday bahona qolmasin”, - deydi Zalmay Aziziy.
Loya Jirg’a o’tkazilishini Tolibon guruhi boshdan rad etib kelgan. 7-avgust kuni ochilgan yig’in 9-avgustgacha davom etadi. Unda mamlakatning barcha hududlaridan 3200 delegat qatnashmoqda.