Tolibon AQShni soxta vakillar bilan aloqa qilmaslikka chaqirmoqda

  • Amerika Ovozi

Afg’onistonda hukumat bilan hokimiyat uchun kurashayotgan Tolibon harakatiga ko’ra, Qo’shma Shtatlar toliblarning soxta vakillari bilan uchrashuvlarni bas qilishi kerak, aks holda bunday siyosat haqiqiy tinchlik jarayoniga zarar qilishi mumkin.

Tolibon so’zlovchisi Zabihulla Mujohidning aytishicha, amerikalik rasmiylarning Dubay (Birlashgan Arab Amirliklari) va Bagram (Afg’oniston) shaharlarida Tolibonning yuqori martabali vakillari bilan uchrashgani haqidagi xabarlar yolg’on.

Unga ko’ra, Tolibonning siyosiy rahbariyati Qatarda o’tiradi va agar AQSh yoki boshqa bir mamlakat vakillari ular bilan uchrashishni istasa, buning uchun boshqa davlatga borish shart emas.

“O’z foydasini ko’zlayotgan ayrim shaxslar yohud moliyaviy yoki siyosiy maqsadda o’zlarini Islomiy Amirlik vakillari deb tanishtirgan odamlar shu paytgacha bir necha bor laqqa tushgan amerikaliklarni laqillatgan bo’lishi mumkin”, - deydi Mujohid.

AQSh va Tolibon vakillari o’rtasida kechgan va toliblar tan olgan so’nggi yillardagi yagona uchrashuv o’tgan yil iyulida Qatarning Doxa shahrida bo’lib o’tgan edi. O’shanda AQSh davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha yordamchisi Alis Vells jangarilar muzokarachilari bilan ko’rishgan, Tolibon muloqot ijobiy kechganini ta'kidlagan edi.

Tolibon Afg’oniston siyosiy kelajagini amaldagi hukumat bilan muhokama qilishdan bosh tortib keladi. Harakat nazarida, Kobuldagi hukumat noqonuniy, Amerikaning qo’g’irchog’i va u bilan gaplashishdan foyda yo’q. Jangarilar Qo’shma Shtatlarni bevosita muloqotga bir necha bor taklif etgan, biroq Vashington jangarilarni Afg'oniston hukumati bilan gaplashishga chaqiradi.

Tolibon Afg’oniston hududining yarmini nazorat qiladi va hukumat pozitsiyalariga hujum qilishda davom etmoqda.

Tramp ma’muriyati Tolibonni Afg’oniston hukumati bilan siyosiy muloqotga chorlash maqsadida 67 yashar sobiq diplomat Zalmay Xalilzodni yaqinda Afg’oniston bo’yicha maxsus maslahatchi etib tayinladi.

Afg’onistonda tug’ilgan Xalilzod Jorj Bush prezidentligi paytida Afg’oniston va Iroqda elchilik qilgan.