Tolibonning yangi rahbari hujumlarni oshirmoqda

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston rasmiylarining aytishicha, Tolibon Qunduz shahri yaqinida o'nlab odamni garovga olgan. Bu orada zo'ravonlik oqibatida uyini tashlab qochayotganlar soni ortmoqda.

Isyonchilar shaharga kirish qismida tekshiruv punkti o'rnatib, poytaxt Kobuldan kelayotgan barcha avtobus va avtomobillarni to'xtata boshlagan.

Mahalliy politsiya idorasi rahbari Sher Aziz Kamavalning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, Tolibon vakillari kamida 52 odamni garovga olgan va ulardan 17 tasini o'ldirgan. Odamlar o'ldirilgan yo'lovchilarning jasadlarini yaqin oradagi Chardara daryosida ko'rgan.

Xabarlarga ko'ra, dastlab, 200 dan ortiq odam hibsga olingan, ammo keyinroq ularning aksariyati qo'yib yuborilgan.

Garovda qolayotganlarning hukumatda ishlaydiganlar yoki xavfsizlik xizmati xodimlari ekani haqida ma'lumot yo'q. Isyonchi guruh shu paytgacha davlat idorasida yoki xavfsizlik tizimlarida ishlaydiganlarni nishonga olib kelgan.

O'tgan yili sentabr oyida Tolibon Qunduz shahrini bir muddat o'z nazoratida ushlab turgan edi. Afg'oniston armiyasi AQSh havo hujumi yordamida shaharni qaytarib olishga muvaffaq bo'lgan. Ammo aholi Tolibon hujumlari hanuz davom etayotganidan shikoyat qiladi.

Hilmanddagi olishuvlar

Bu orada afg'on kuchlari va Tolibon o'rtasida Hilmand viloyatida keskin to'qnashuvlar davom etmoqda. Nadali, Gereshk va Marja tumanlarida olishuvlar shanba kuni boshlangan. 50 dan ortiq afg'on askari o'ldirilgan, yana o'nlab odam yaralangan.

Tolibon ayrim hududlarni egallab olgani aytilmoqda. Ular viloyat poytaxti Lashkargohga yaqinlashib qolgan. Viloyat gubernatori Hayatulloh Hayat shahar qo'ldan ketish arafasida turgani haqidagi da'volarni rad qildi.

Mulla Mansur 21-may kuni AQSh droni hujumida o'ldirilgach, uning o'rniga Mulla Haybatulloh Oxunzoda Tolibonning yangi rahbari etib tanlandi. Shundan beri guruh yangi hujumlarga zo'r berayotgani aytiladi.

Tolibon so'zlovchisi Qori Muhammad Yusufiyning aytishicha, 100 dan ortiq afg'on askari o'ldirilgan, jumladan, bir necha qo'mondonlar.

20 dan ortiq xavfsizlik punktlarini va ikkita katta harbiy bazani egallab oldik, deya da'vo qiladi u.

Guruh muvaffaqiyatlari haqidagi ma'lumotlarni bo'rttirib ko'rsatishi bilan tanilgan.

Ichki qochoqlar

Bu orada zo'ravonliklar oqibatida uy-joyini tashlab ketayotgan afg'onlar soni ortmoqda. So'nggi uch yilda bundaylar soni uch barobar ko'paygan.

Xalqaro amnistiya tashkiloti ma'lumotiga ko'ra, Afg'onistonning o'zida 1,2 million ichki qochoq bor. 2013-yil ular soni 500 ming bo'lgan. Tolibon hujumlari sonining ortgani qochoqlar ko'payishining asosiy sababi sifatida ko'rilmoqda.

Shuningdek, qo'shni Pokiston va Eron hududlarida 2,6 million afg'on qochog'i bor.

"Afg'oniston dunyo e'tiboridan chetda qolayotgan bir paytda, mojaro ortida qolgan odamlar taqdiri unutilishidan xavotirdamiz", - deydi Xalqaro amnistiya tashkilotining Janubiy Osiyo bo'yicha direktori Champa Patel.

Afg'oniston hukumati ichki qochoqlar ahvolini yaxshilash borasida muntazam va'da berib kelishiga qaramay, vaziyat yaxshilangani yo'q.

Korrupsiya, hukumatdagi byurokratiya, mamlakatga xalqaro e'tiborning kamayishi 2014-yil ichki qochoqlar ishini hal qilish bo'yicha qabul qilingan milliy siyosatni amalga oshirish yo'liga to'g'anoq bo'lmoqda.

Ichki qochoqlarning aksariyati zarur tibbiy yordam olish imkoniyatiga ega emas. Bolalar esa muntazam ta'limdan bebahra.

"Ishlaridan, daromad manbalaridan ayrilishgan. Ayollar ishlay olmaydi. Bolalar maktabga bormayapti, turli tazyiqlarga duchor bo'ladi", - deydi Patel.

Xalqaro amnistiya Afg'oniston hukumati va xalqaro hamjamiyatni qochoqlar holatiga jiddiyroq e'tibor berishga chaqirdi.