G’arbning rus nefti narxiga qo’ygan cheklovi ketidan Bosfor bo’g’ozida neft tankerlaridan tirbandlik yuzaga keldi.
Your browser doesn’t support HTML5
Turkiya hukumati Istanbul orqali O’rta Yer dengiziga chiqmoqchi bo’lgan barcha tankerlardan sug’urta kafolatlarini talab qilmoqda.
“Xom yoki qayta ishlangan neft tashib ketayotgan tanker turk bo’g’ozlaridan va ayniqsa 16 million aholiga ega Istanbul orqali o’tayotgan bo’lsa, sug’urta kema to’qnashuvi yoki neft to’kilishi holatlari uchun zarurdir”, - deydi Turkiyaning Qatardagi sobiq elchisi Mithat Rende.
Sug’urta kompaniyalarining G’arb belgilagan narx cheklovidan qimmatga sotib olingan neftni tashib ketayotgan tankerlarga xizmat ko’rsatishi taqiqlangan.
G’arbdagi sug’urta kompaniyalariga ko’ra, Anqara ulardan to’liq sug’urta kafolatlarini talab qilmoqda, biroq xavotir shuki, bu shirkatlar orqali sug’urtalangan tanker narx cheklovini buzgan bo’lsa, sug’urta kompaniyalari sanksiyaga uchrashi mumkin.
Anqara rus neftini tashimayotgan tankerlardan ham sug’urta talab qilmoqda. Vashington bundan norozi.
"Narx cheklovining faqat rus neftiga taalluqli ekani haqida Turkiya bilan gaplashyapmiz. Turkiya suvlari orqali o’tayotgan kemalarni qo’shimcha ravishda tekshirish shart emasligini tushuntiryapmiz. Bo’g’ozlarda turib qolgan deyarli barcha tankerlar rus neftini tashimayotganidan, narx chekloviga aloqasi yo’qligidan xabar topdik”, - deydi Oq uy matbuot kotibasi Karin Jan-Pyer.
Rus tankerlari Turkiyaning o’zidan sug’urta olib, G’arb sanksiyalarini aylanib o’tishga harakat qilyapti. Ayrim tahlilchilarga ko’ra, Anqara bu bilan G’arbdan nimadir undirib olmoqchi.
“Bu hukumat va bu prezident o’yinlarga berilgan, kuchini ishga solib, har xil masalalarda kelishishga intilyapti. Agar kelisha olmasa, muammo yaratadi”, - deydi Vashingtondagi Yaqin Sharq instituti eksperti Yoruk Ishik.
Anqaraning Vashington bilan qator mavzularda kelishmovchiliklari to’planib qolgan. Masalan, AQShdan qiruvchi samolyotlar savdosiga AQSh Kongressi hozircha ruxsat bermayapti.
Sobiq elchiga ko’ra, tankerlarning Istanbul tashqarisida to’planib turishi xavflidir. Dushanba kuni 5 ta kemaga yo’lida davom etishiga ruxsat berildi.