TAPI gaz quvurining Afg'onistondagi qismi qurila boshladi

  • Amerika Ovozi

Hirot shahrida o'tkazilgan marosim

23-fevral kuni Afg'onistonda Turkmaniston, Pokiston, Hindiston va mezbon davlat yetakchilari ishtirokida TAPI gaz quvuri loyihasining Afg'onistondagi qismi qurilishiga start berildi.

10 milliard dollarlik loyiha Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo bilan bog'laydi va shu yil oxirigacha ishga tushishi kutilmoqda.

1814 kilometrli quvur yiliga Turkmanistondan Hindistongacha 33 milliard kubometr gaz tashiydi.

Rasmiylarning aytishicha, Hindiston va Pokistonning har biri ushbu quvurdan 14 milliard kubometr gaz sotib oladi. Qolgan besh milliardini Afg'oniston ishlatadi.

Juma kungi marosim Afg'oniston G'arbidagi Hirot shahrida o'tkazilgan. Unda Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani, Turkmaniston rahbari Qurbonguli Berdimuhamedov, Pokiston Bosh vaziri Shahid Hoqon Abbosiy hamda Hindiston Tashqi ishlar vaiziri M.J. Akbar qatnashgan.

Gaz quvurining Turkmanistondagi qismi qurilishi 2015-yil dekabrda boshlangan edi.

Kobul Islomobodni terror guruhlarini qo'llab-quvvatlashda ayblashi ortidan Pokiston-Afg'oniston aloqalari sovuqlashgan edi. Pokiston bu iddaolarni inkor etadi.

Hindiston va Pokiston o'rtasida ham ziddiyatlar yetarlicha. Kelishmovchiliklarga qaramay, energiyaga muhtoj Hindiston TAPI loyihasiga jiddiy qiziqish bildirmoqda.

Afg'oniston hukumati va biznes doiralari ham TAPIning urushga botgan o'lka iqtisodiyoti uchun katta foyda ekanini aytmoqda. Kobul quvur uchun yiliga 500 million dollar haq oladi. Shuningdek, loyiha 25 ming ishchi o'rni yaratishi kutilmoqda.

Gaz quvuri Afg'oniston janubi-g'arbida Tolibon nazoratidagi hududlardan o'tadi. Isyonchi guruh so'zlovchisi Zabihulloh Mujohidning aytishicha, Tolibon loyihani qo'llab-quvvatlaydi va uning himoyasini ta'minlaydi.

Hirot gubernatori Muhammad Osif Rahimiyning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, shu kuni Afg'oniston va Turkmaniston prezidentlari ikki mamlakatni bir-biriga bog'laydigan temir yo'l hamda optik tolali aloqa qurish loyihasini ham boshlab beradi.