Nyu-Yorkdagi xuruj ortidan AQSh va O‘zbekiston o‘rtasida ilk rasmiy muloqot bo'lib o'tdi. Tomonlar munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarishdan manfaatdor ekanini bildirgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentda AQSh Milliy xavfsizlik kengashida Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha yetakchi rasmiy Liza Kyortis bilan gaplashgan. Nyu-Yorkda o‘zbekistonlik Sayfullo Soipov tomonidan sodir etilgan xuruj, xavfsizlik sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilingan.
Avvalroq Mirziyoyev 8 kishi o‘limiga sabab bo‘lgan bu xuruj yuzasidan AQSh rahbari Donald Trampga hamdardlik bildirgan edi.
Toshkent tarqatgan bayonotga ko‘ra, Mirziyoyev O‘zbekiston-Amerika muloqoti amaliy hamkorlik ruhida barqaror rivojlanib bormoqda, deya ta’kidlagan. Sentabr oyida O‘zbekiston rahbari AQShga safar qilganida AQSh siyosiy va ishbilarmon doiralari bilan uchrashgan.
AQShning Toshkentdagi elchixonasiga ko‘ra, Mirziyoyev bilan muloqotda Kyortis xonim AQSh mintaqada xavfsizlik, barqarorlikni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston hukumati, shuningdek, mintaqadagi boshqa sheriklar bilan yaqindan hamkorlikka tayyor, deya aytgan.
Toshkent Nyu-Yorkda sodir etilgan terror xuruji yuzasidan tergov-surishtiruv ishlarida yaqindan ko‘mak ko‘rsatishga shay.
Kyortis Samarqandda Markaziy Osiyo hamkorligi bo‘yicha rejalashtirilgan xalqaro konferensiyada ishtirok etadi.
Nyu-Yorkdagi terakt O‘zbekiston va AQSh munosabatlariga hozircha biror zarar yetkazmagan, ammo xuruj oddiy aholi darajasidagi aloqalarni tahdid ostiga qo‘ydi. O‘zbekiston fuqarolari AQShga kiritilishi taqiqlangan davlatlar ro‘yxatiga tushishi mumkin, degan xavotirlar bor.
Tramp AQShga borish uchun imkon beruvchi “grin-karta” lotereyasini bekor qilinishni talab qilmoqda. Soipov aynan “grin-karta” orqali AQShga kelgan.
AQSh prezidentining bu bayonoti “grin-karta” olish istagida yurgan o‘zbekistonliklar o‘rtasida vahima uyg‘otdi. AQShning Toshkentdagi elchixonasi izohicha, “grin-karta” yuzasidan biror o‘zgarish haqida gapirishga hali asos yo‘q.
O‘zbekiston Soipovni AQShga borgandan so'ng radikallashgan deb hisoblaydi. Soipov O‘zbekistondaligida biror radikal oqimlarga mansubligi bilan huquq-tartibot idoralari e’tiboriga tushmagan, tanishlari tomonidan Soipov yaxshi xulqli, samimiy shaxs sifatida ta’riflangan.
Nyu-Yorkdagi fojea O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida xavfsizlik masalalari bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtirishga ehtiyoj uyg‘otgan. Mirziyoyev va Kyortis uchrashuvida zamonaviy tahdidlar, shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyat xususida gap ketgan. AQShning Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasi haqida ham gaplashilgan. O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlar, Toshkentning mintaqaviy hamkorlikni tiklashga qaratilgan tashabbuslari ham e’tirof etilgan.