COVID-19 pandemiyasi silga qarshi kurashga pand berdi

  • Amerika Ovozi

Bugun Jahon silga qarshi kurash kuni. 2019-yilda bu kasallikdan 1,4 million odam o’lgan. 2020-yilda esa barcha e’tibor koronavirusga qarshi kurashga qaratildi. Natijada sil eng ko’p tarqalgan 9 mamlakatda diagnostika va davolash 23 foizga kamaydi. Hindiston, Janubiy Afrika va Indoneziya shular jumlasidan. Mutaxassislarning aytishicha, silga qarshi kurash 12 yilga surildi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 24-mart, 2021-yil

“Koronavirus bu yo’nalishdagi barcha ishlarimizga ta’sir qildi, shuncha harakatlarimiz, sarflangan pul zoye ketdi. Eski holatga qaytdik”, - deydi “Silni to’xtating” tashkiloti direktori Lyuchika Ditiu.

COVID-19 kabi sil ham o’pka kasalligi bo’lib, uni virus emas, bakteriya keltirib chiqaradi.

“Sil bilan shug’ullangan barcha mutaxassislar – shifokorlar, hamshiralar, tibbiy xizmatchilar, ta’minotchilar koronavirusga qarshi kurashga tashlandi”, - deydi doktor Ditiu.

Kasalxonalarda sil bilan kasal bemorlar yotgan xonalar COVID-19 shoshilinch yordam bo’linmalariga aylantirildi. Mamlakatlarda koronavirus bilan bog’liq karantin sil diagnostikasi va muolajasini susaytirdi.

“Sil bilan kasallangan odamlar jamiyatning eng zaif tabaqasi bo’lib, odatda tibbiy yordam olishda ancha qiynaladi. Kimdir puldan qiynaladi - kambag’allik, kimnidir yo’l qiynab qo’yadi. COVID davrida bu muammolar yanada kuchaydi”, - deydi ekspert.

Natijada ko’p bemorlarning ahvoli klinika yoki kasalxonaga yetguncha yanada og’irlashadi.

“Ko’plab shifokorlar kuzatuvidan ma’lum bo’lishicha, silning ancha yillarda kuzatilmagan o’ta yomon shakli rivojlanmoqda. Bu degani, o’lim hollari ko’payadi, xonadonlarda sil yuqtirish hollari ham”, - deydi Ditiu.

Ekspertning aytishicha, koronavirus pandemiyasi shifokorlar va mahallalarni bir-biriga ancha yaqinlashtirdi. Koronavirus va silni aniqlash testlarini, kasallik yuqtirgan odamlar bilan aloqada bo’lganlarni aniqlash ishlarini hamda muolajani birlashtirib, silga qarshi kurashda erishilgan, ammo pandemiya paytida boy berilgan yutuqlarni qayta qozonish mumkin.

Mutaxassislar silning yangi turlariga qarshi vaksina ishlab chiqarish va yangicha muolaja uchun qo’shimcha sarmoya kerakligiga urg’u bermoqda.