25-sentabr kuni AQShning O‘zbekistondagi elchisi Pamela Spratlen Qashqadaryo viloyati, Kitob shahriga borib, viloyat sil kasalligi shifoxonasi faoliyati bilan tanishgan.
2015-yildan buyon USAID, AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va fiziatriya va pulmonologiya bo‘yicha ixtisoslashgan respublika ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga sil tarqalishining oldini olishda moliyaviy yordam ko’rsatib keladi.
USAID O‘zbekistonning to‘rt viloyatida silga qarshi loyihalar olib boradi. Agentlik shifokorlar, hamshira va laboratoriya xodimlariga infeksiyani nazorat qilish, silga aniq va tez tashxis qo‘yish, texnologiya va trening bobida ko’maklashadi.
Elchixonaning qayd etishicha, Kitobdagi sil kasalligi shifoxonasi Qashqadaryo viloyatidagi bemorlarni Toshkentga uzoq muddatga yubormay, o‘zi to‘la davolay oladigan yagona tibbiy maskandir.
USAID silga qarshi kurash uchun 7,6 million dollarlik byudjetga ega. Besh yillik dasturning asosiy maqsadi O’zbekistonda sil kasalligi oqibatlarini kamaytirish va silning ko‘plab dorilarga turg‘un shakllari rivojlanishining oldini olish.