Silga qarshi yangi vaksina

  • Amerika Ovozi

Sil dunyo bo’ylab har yili bir million sakkiz yuz ming insonni o’ldiradi

Sil eng og’ir xastaliklardan biri. Parijda asoslangan xalqaro tashkilot “Chegara bilmas Shifokorlar” ning bayon qilishicha, O’zbekiston silga chalinish bo’yicha yetakchi o’rinda turadi.

Ayniqsa Qoraqalpog’iston bu borada xavotir va e’tiborga molik o’lka.

Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkiloti berayotgan ma’lumotlarga ko’ra, O’zbekistonda 2009 yilda (so'nggi hisoblar shu) 21 ming 453 bemor bo’lgan. Shundan 17 ming 540 nafari silga yo o’sha yili chalingan yo kasallik qaytalagan.

Yuqorida nomi tilga olingan tashkilotlar respublika Sog’liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda maxsus davo markazlari ochgan, dori-darmon va muolaja bobida yordam berib keladi.

Shu kunlarda xalqaro maydonda silga qarshi yangi vaksina sinab ko’rildi. Angliyadan ixtiro qilingan vosita Afrikaning Gambiya mamlakatida testdan o’tdi.

Sil dunyo bo’ylab har yili bir million sakkiz yuz ming insonni o’ldiradi.

Bugun unga qarshi vaksina kasallik eng ko’p tarqalgan mamlakatlarda chaqaloqlarga beriladi.

Go’daklarga ziddi-zahar yaxshi ta’sir qiladi. Lekin mutaxassislarning kuzatuviga ko’ra, katta yoshdagi odamlarda silga uchrash hollari ko’paygan.

Yosh o’tgan sari mavjud vaksinaning ta’siri ham kamayib boradi degan fikr paydo bo’lgan.

Olimlar yangi, kuchliroq vosita ustida izlanar ekan, Oksford universiteti mutaxassislari mavjud vaksinaga qo’shimcha tarzda MVA85 A nomli dori yaratdi.

Ilk natijalar yomon emas. Avval sil kasaliga qarshi emlanganlar orasida qo’llanganda, vaksina ijobiy t’asir ko’rsatgan.

Yangi vaksina ilk bor Gambiyada sinaldi.

Birinchi tajribada silga qarshi vaksina bilan birgalikda boshqa kasalliklarga ham qarshi emlangan.

Ikkinchisida esa faqat silga qarshi dori berilgan.

Gambiyalik shifokor Martin Otaning aytishicha, yangi vaksina boshqa ziddizahar bilan baravar qo’llanganda, kamroq ta’sir qilgan.

“Bu biz uchun yangilik. Silga qarshi vaksina alohida berilishi kerak ekan”,- deydi mutaxassis.

“Kasalikdan butunlay himoyalanish uchun bu vaksinaning darajasi yetarlimi yo’qmi, hali bir narsa deyish qiyin. Izlanishda davom etayapmiz”

Martin Ota yozgan ilmiy maqola AQShdagi nufuzli tibbiy nashr “Science Translational Medicine” jurnalida chop etilgan. Uning maslahati shuki, bolangiz silga qarshi emlanayotganda, faqat shu vaksinani olsin xolos, boshqalari keyinroq berilgani ma’qul.