Kaliforniyada Isroil-Falastin tarixi bo’yicha o’quv dasturiga doir tortishuvlar

  • Amerika Ovozi

Isroil-Falastin mojarosi uzoq tarixga ega. Ixtilofga qanday omillar sabab? Muammo negizini bilish uni yaxshiroq tushunishga yordam beradi. Kaliforniyadagi bir ta’lim boshqarmasi o’quvchilarga ana shu haqda bilim berishga qaror qildi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 14-dekabr, 2023-yil

Kaliforniyaning Santa-Ana shahridagi ta’lim idorasi maktablarda Isroil-Falastin munosabatlari tarixini o’qitish rejasini e’lon qildi. Ba’zi o’quvchilar buni ijobiy qabul qildi.

“Har safar FaIastin nima, qayerda ekanini tushuntirishga to’g’ri keladi. Hech kim bilmaydi. Agar xaritada Falastin bo’lmasa, o’zligimiz haqida bilgimiz keladi. Agar odamlar o’zligimni, kimligimni tan olishmasa, bundan hech kimga yaxshi bo’lmaydi”, - deydi falastinlik-amerikalik Aya Mayta.

Kaliforniya maktablarida turli elat va millatlar tarixiga oid o’quv dasturlari yuqori sinflar uchun majburiy ekan, ushbu predmetlar noxolislik, mutaassiblik yoki kamsitishni aks etishi mumkin emasligi aytiladi.

2024-yilda Santa-Ana shahrida Isroil va Falastin haqida darslar berila boshlaydi. Biroq yahudiy guruhlardan iborat koalitsiya ushbu o’quv dasturi o’z ichiga antisemitik mazmunni olganiga ishora qilib, uni bekor qilish uchun sudga shikoyat yo’lladi.

Yahudiy millatiga mansub mahalliy faol Josh Fridman taklif etilayotgan o’quv kursi bir tomonlama ekanini da’vo qiladi.

“Falastinliklarning ular zulmga uchrab kelgani haqidagi qarashlariga e’tirozim yo’q, ammo Isroil nuqtai nazarini ham hisobga olish kerak. Falastinliklar bilan yonma-yon yashash xavfsiz emasligi ana shunday nuqtai nazardan biri. Isroilga anchadan beri bombalar yog’diriladi, ammo bu haqda gapirilmayapti”, - deydi Fridman.

Uning qaylig’i Steysi Aysmen o’rta maktabda dars beradi. U sinfda ham, oilada ham yoshlar G’azodagi urushni muhokama qilishini aytadi.

“O’g’lim Isroil qattiq kuch ishlatayotganiga e’tiroz bildiradi. Og’zini yopmayman. U G’azoda qattiq kuch ishlatilishiga qarshi, ammo Falastin o’z fuqarolarini himoya qilishi kerakligi kabi Isroil ham o’z fuqarolarini himoya qilishi kerakligini tushunadi”, - deydi muallima.

Los-Anjelesdagi Amerika islomiy aloqalar kengashi ta’lim boshqarmasidan o’quv dasturini o’zgartirmaslikni so’radi. Buena-Park shahar komissari Mirviyet Judening aytishicha, dastur falastinliklar kurashini yaxshiroq tushuntiradi.

“Hamma joyda Falastinga qarshi, arablarga qarshi, islom diniga qarshi gaplar kuchaymoqda. Antisemitizm borligini ham tan olaman. Ammo farq shundaki, bizga Xolokost haqida dars o’tishgan. Yahudiy birodar va singillarimizning dardiga doim sherik bo’lganman. Enn Frenk kundaliklarini o’qiganman. Ammo bizga kelganda bunday munosabatni ko’rmaysiz. Jamoamiz 75 yildan beri shafqatsiz bosqinni boshdan kechirmoqda. Ammo buni haqiqiy tan olish yo’q”, - deydi falastinlik-amerikalik.

Santa-Ana shahar ta’lim boshqarmasi Isroil-Falastin mojarosi bo’yicha siyosiy pozitsiyaga ega emasligini ta’kidlarkan, odamlarning fikri bo’linganini bilishini, ochiq va o’zaro hurmatga asoslangan muloqot tarafdori ekanini bildirib bayonot chiqargan.