Ko'cha reklamalari kelajagi qanday bo'ladi?

  • Amerika Ovozi

Texnologiya shiddat bilan ildamlab ketayotgan davrda yashayapmiz. Dunyodagi ko'plab shaharlarda qad ko'tarib turgan reklama bilbordlari o'rnini asta-sekin 3D formatidagi gologrammalar egallashi kutilmoqda. Kompyuter texnologiyalari va dasturlash sohasidagi kompaniyalar allaqachon ishga kirishib ketgan. Yaqinda Las-Vegas shahrida elektronika mollari ko'rgazmasi bo'lib o'tdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Reklama bilbordlari 3D formatda bo'ladi

Ko'rgazma katta qiziqish bilan qarshilandi. Unda ko'zni qamashtiruvchi 3D formatidagi golografik tasvirlar namoyish etildi. Tez kunlarda gologrammalarni do'koningiz yonida ko'rib qolishingiz ham mumkin.

“Golografik tasvirlar yupqa ekran va bilbordlar o’rnini egallayapti. Ko'cha reklamasi so’nggi o’nlab yillarda bunday o'zgarishlarni ko'rmagan hali”, - deydi "Kino-mo" kompyuter dasturlash kompaniyasidan Art Stavenka.

Nur taratuvchi parrak gologrammani hosil qiladi. Kattaroq golografik tasvirlarni yaratish uchun bir necha parrak sinxron ravishda harakatlanadi.

“Mana shu apparat aylanishni boshlashi bilan uni ko'rmaysiz, uning o'rnida golografik tasvir paydo bo'ladi. Parrak shu qadar tez aylanadiki, inson ko'zi uni ilg'amaydi”, - deydi Art Stavenka.

London va Belarusda idora ochgan "Kino-mo" kompaniyasi golografik tasvirni yaratuvchi apparatga ega yagona kompaniya emas. Janubiy Karolinada asoslangan "Xolograf" kompaniyasi ham Amerika va Xitoyda shu ishni boshlagan.

“Yaqin kelajakda har ko’chaning boshida reklamali gologrammallarni ko'ra boshlaysiz”, - deydi "Xolograf" kompaniyasidan Chan Jou.

Golografik tasvir savdo majmualari, poyezd stansiyalari, restoranlarda ham namoyish etiladi.

Amerikada franchayzing asosida biznez yuritadigan fast-fud kafelari ham reklamaning bu turiga qiziqishi mumkin.

“Kompaniya markazdan turib bir paytning o’zida tasvirni bir nechta nuqtaga uzata oladi”, - deydi "Xolograf" kompaniyasidan Ted Men.

Golografik tasvir uzatuvchi moslamaning bahosi bir milliondan uch million dollargacha. Narx ishlab chiqaruvchiga, moslamaning funksiyalariga bog’liq.

“Suvga, shamolga, issiq-sovuq, umuman, har qanday ob-havoga chidamli qilib yasab bera olamiz”, - deydi Chan Jou.

3D format golografik tasvirlar orqali uzatiluvchi reklama tez kunlarda iste’molchilarga taqdim etiladi.