Amerika Davlat departamentining ogohlantirishicha, terrorizm tahdidi tobora kengroq hududlarni qamramoqda. "Islomiy davlat" kabi radikal to'dalar jahonning turli burchaklariga kirib borayapti. Departament global terrorizmga doir yillik hisobotida ana shunday xulosa qiladi. Iroq va Suriyada jangari guruh qator shaharlarni qo'ldan boy bersa-da, dunyo bo'ylab ta'sir kuchi oshgandan oshayapti, deyiladi so'rovda.
"Islomiy davlat" guruhi Yaqin Sharq, Afrika g'arbi va sharqi, Shimoliy Kavkaz va Janubiy Osiyogacha kirib bordi", - deydi Davlat departamenti rasmiysi Jastin Siberel.
Unga ko'ra, jangarilar bu hududlarda mavjud terrorchi to'dalar bilan birlashmoqda".
Shu bilan birga, Davlat departamenti hisobicha, o'tgan 2015-yilda terror xurujlar soni 13 foizga kamaygan. Talafotlar ham 14 foizga qisqargan.
Suriya va Iroqdagi turli jangari guruhlar orasida Markaziy Osiyo, xususan, o'zbekistonliklar ham borligi aytiladi. Ular "Islomiy davlat" saflarida ham, unga qarshi kurashayotgan guruhlarda ham bor.
Ayni paytda O'zbekiston hukumati terrorga qarshi kurash siyosati doirasida ko'plab oddiy dindor fuqarolariga asossiz zug'um o'tkazishi AQSh Davlat departamenti hisobotida xavotir bilan tilga olinadi.