Tailandda inson savdosi bilan shug'ullanuvchi jinoiy tarmoqqa aloqadorlik gumoni bilan o'ndan ziyod rasmiylar hibsga olindi. Ular Myanma (Birmaning yangicha nomi) va Bangladeshdan Tailand orqali migrantlarni noqonuniy ravishda o'tkazganlikda ayblanmoqda.
Tay politsiyasi reydi sabab ko'p kontrabandachilar qochishga majbur bo'lib, yo'lga chiqqan minglab migrantlar dengizda qarovsiz, oziq-ovqat va suvsiz qolib ketdi.
Myanmadan asosan Rakxayn shtatida yashovchi musulmonlar qochmoqda. Ular hukumatni diskriminatsiyada ayblaydi.
"Roxinja musulmonlarini Myanma hukumati fuqaro sifatida ko'rmayapti", - deydi AQSh davlat kotibining yordamchisi Enn Richard.
Unga ko'ra, Myanma rahbarlari, jumladan muxolifat yetakchisi Au San Su Chi mavzuni ko'tarishi lozim.
Tinchlik uchun Nobel mukofotining sohibasi fuqarolikdan mahrum, huquqlari buzilayotgan xalqning taqdiri xususida lom-mim demagani unga qarshi tanqidlarga sabab bo'ldi.
Myanma hukumati ularni bangladeshlik noqonuniy immigrantlar deb, fuqaro sifatida tan olmoqchi emas.
Dengizda sarson bo'lgan odamlarning yetti ming nafariga Indoneziya va Malayziya vaqtincha boshpana ajratishga majbur bo'ldi. Bir yil ichida ular boshqa mamlakatlarga ko'chirilishi kutilmoqda.