1979-yil martida AQShning Tri-Mayl-Aylend orolida tijoriy atom energetikasi tarixida eng katta falokat yuz berdi. Pensilvaniya shtatida joylashgan atom elektrostansiyasida avariya sodir bo’ldi. Qurbonlar bo’lmadi, aholi evakuatsiya qilindi. Voqea AQSh Yadro nazorati komissiyasini xavfsizlik normalarini qayta ko’rib chiqishga majbur qildi.
Your browser doesn’t support HTML5
Pensilvaniya shtatining Dofin grafligida yashovchi aholining bir qismi 39 yil oldingi voqealarni yaxshi eslaydi. O’shanda Tri-Mayl-Aylend atom elektrostansiyasidagi reaktorlardan birining yarmi erib ketdi. Ikki kundan keyin shtat gubernatori ixtiyoriy evakuatsiya e’lon qildi. Vahimaga tushgan salkam 200 ming odamning hammasi hududni tark etdi.
Avariyaning inson salomatligi yoki atrof-muhitga zarari yo’qligi haqidagi rasmiy bayonotlarga qaramay, voqea sabablari keng muhokama etildi, atom energetikasiga munosabat o’zgardi.
“Bunday vaziyatlarga tayyorgarlikni oshirishga katta urg’u berildi. Reaktor operatorlari qo’shimcha treningdan o’tkazildi, ularga o’tmishdagi boshqa stansiyalarda ro’y bergan hodisalar haqida to’liq ma’lumot berildi”, - deydi Yadro nazorati komissiyasi tarixi bilan shug’ullanuvchi mutaxassis Tomas Vellok.
Avariyadan so’ng komissiyaga stansiyani nazorat qilish uchun vakil tayinlash vakolati berildi. Komissiya, shuningdek, yangi atom elektrostansiyalarini qurish uchun ruxsatnoma berishni kamaytirdi.
Avariya ketidan radioaktiv chiqindilarni tozalash ishlari boshlandi. Biroq ishlatilgan yadro yonilg’isini Aydaxodagi omborga joylashtirish uchun 14 yil va bir milliard dollar sarflandi.
Stansiya xavfsiz ekaniga ishonmaydiganlar bor. Erik Epsteyn “Tri-Mayl-Aylend ogohligi" guruhini boshqaradi. Uning xodimlari avariyadan ikki yil oldin stansiyada nurlanish darajasini kuzatishni boshlagan. Hozir esa guruh radiatsiyaning aholiga ta’sirini o’rganadi.
“Yuzlab, minglab odamlar bilan suhbat qildik. Barchasida nurlanish alomatlarini ko’rdik - og’izda metal ta’mi, ko’z achishi, kuyish, soch to’kilishi, qusish, ich ketish kabilarni”, - deydi Epsteyn.
Biroq rasmiylarning aytishicha, radiatsiyadan asar ham qolmagan.
Joys Korradi ismli ayol evakuatsiya e’lon qilinganidan so’ng hududni birinchilardan tark etgan. Uning aytishicha, odamlarga nima bo’lgani haqida aniq ma’lumot berilmagan.
Shunga qaramay, ba’zilar stansiyaning yopilishiga qarshi.
“600 kishi ishsiz qoladi, iqtisodiyotimizga ziyon bo’ladi”, - deydi Berri Karlson.
Agar shtat byudjetidan inshoot uchun qo’shimcha mablag’ ajratilmasa, “Tri-Mayl-Aylend” atom elektrostansiyasi 2019-yilda yopilishi kutilmoqda.