AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson kelasi yetti kun ichida Afrikaning besh mamlakatida bo’ladi – Chad, Jibuti, Keniya, Efiopiya va Nigeriya.
Uning aytishicha, Afrika qit’asi global xavfsizlik uchun muhimdir.
“Afrika kelajagimizning muhim bir bo’lagi ekanini tan olsak, dunyo qay tomon ketayotganini tushunish oson bo’ladi”, - dedi Tillerson.
Davlat kotibi Afrikaga qadam qo’ygan yuqori martabali Amerika rasmiysi bo’ladi. Unga ko’ra, AQSh uchun xavfsizlik ustuvor masala.
“Terrorizm chegara bilmaydi. Boko Haram Nigeriyada, al-Qoida Mag’ribda, “Islomiy davlat” to’dasi G’arbiy Afrikada faol, boshqa terror guruhlari ham qit’aga ancha moslashib olgan. Ularga qarshi kurashish uchun regional hamkorlik juda muhimdir”, - dedi Tillerson.
AQShning Afrikada 6000 askari bor. Amerikalik qonunchilarga ko’ra, Afrikada xavfsizlikka tahdidlar AQShga ham ta’sir qilishi mumkin.
“Afrikada terror guruhlarining kuchayishiga olib keluvchi omillar mavjud – nazoratsiz yirik hududlar, zaif davlat idoralari, iqtisodiy nochorlik, malakasiz xavfsizlik kuchlari. “Islomiy davlat” Iroq va Suriyadan siqib chiqarilgan sari Afrikaga ko’chish xavfi bor”, - deydi Kongress Vakillar palatasi Qurolli kuchlari qo’mitasining raisi Mak Tornberri.
Davlat kotibi Tillersonning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Afrikaning bir necha mamlakatiga jami 533 million dollarga teng yordam berishga qaror qildi.