AQSh davlat kotibi Filippin, Tailand va Malayziya bo’ylab safarda. Reks Tillerson Amerikaning bu mamlakatlar bilan iqtisodiy va xavfsizlik bo’yicha hamkorligini hamda Shimoliy Koreya yadro dasturini muhokama qilmoqda.
Yakshanba kuni Tillerson Manilada Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasining vazirlar darajasidagi majlisida qatnashdi. Shanba kuni esa BMT Xavfsizlik Kengashi Shimoliy Koreyaga qo’shimcha sanksiya qo’ydi.
Yangi rezolyutsiyaga ko’ra, Xitoy bundan keyin Shimoliy Koreyadan ko’mir, temir, qo’rg’oshin va baliq sotib olmaydi. Pekin shu kungacha ittifoqchilaridan birini jazolashdan bosh tortib kelayotgan edi, biroq Maniladagi anjumanda Xitoy tashqi ishlar vaziri siyosat o’zgargani haqida ma’lum qildi.
“Biz BMT Xavfsizlik Kengashining Shimoliy Koreyaga sanksiya qo’ygan yangi rezolyutsiyasi talablariga to’liq rioya qilishimizni ishontirib aytamiz”, - dedi Van Yi.
So’nggi oylarda Shimoliy Koreya yadro qurollarini yaratishda katta olg’a qadamlar qo’ydi. Xitoy shu kungacha Pxenyan bilan xalqaro muzokaralarga chaqirib kelgan edi, ammo natijasiz. O’tgan oy Shimoliy Koreya ikkita qit’alararo ballistik raketani sinadi.
AQSh Prezidenti Donald Tramp Xitoydan Pxenyanga bosim qo’yishni so’rab, unga qarshi harbiy chora qo’llashga ham tayyorligini bildirgan.
Vashingtondagi Rend Korporatsiyasi tahlil markazida mudofaa bo’yicha ekspert Bryus Bennettning aytishicha, Xitoy Koreya yarimorolida harbiy to’qnashuvning oldini olishga harakat qilmoqda.
"Xitoy yirik mojaroga aralashishga majbur bo’ladi, shunda u bilan urush kelib chiqmasligiga harakat qilishimiz kerak”, - deydi u.
Tahlilchiga ko’ra, AQSh uchun eng yaxshi strategiya – Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Unning obro’sini tushirib, uning zaif tomonlarini xalqiga ko’rsatib berish.
"Masalan, Xitoy Prezidenti Si Zinpin Janubiy Koreya rahbari bilan sakkiz marotaba uchrashgan, Kim Chen Un bilan esa hali uchrashmagan. Xitoy uni pisand qilmasligini ko’rsatish kerak”, - deydi Bryus Bennett.
Agar BMTning so’nggi sanksiyalari ish bersa, Shimoliy Koreya eksportlari uch milliard dollarlik kamomadga uchrab, Pxenyan yadro dasturi uchun mablag’ yetishmasligi mumkin.