Davlat departamentini qisqartirish to'g'rimi?

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson

AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson Davlat departamentini isloh qilishga va’da bergan. Bir necha sobiq elchi va yetakchi tadbirkorlar o’z tavsiyalarini taklif etdi. Mutaxassislarga ko’ra, vazirlik tez o’zgaruvchan global muammolar va tahdidlarga qarshi kurashga tayyor turishi kerak.

Kongress Vakillar palatasining Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi Ed Roys Davlat departamenti va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligini keskin qisqartirish g’oyasiga qarshi ekanini bildirdi.

“Tahdidlar ko’payayotgan bir paytda terrorga qarshi harakatlarimizni, gumanitar dasturlarni, huquq-tartibot tizimini qisqartirish emas, kuchaytirish kerak”, - dedi qonunchi.

Roys davlat kotibini vazirlikda va Amerikaning turli mamlakatlardagi elchixonalarida bo’sh turgan lavozimlarga odamlarni zudlik bilan tayinlashga chaqirdi.

“Oq uy belgilagan vazifalarni hamda milliy xavfsizlikka doir siyosatni amalga oshirish uchun Davlat departamentiga samarali rahbariyat kerak”, - dedi kongressmen.

Oq uy vazirlik tarkibini 30 foizga kamaytirishni taklif etgan. Bir guruh sobiq elchilar ham ayrim idoralarni yopib, o’rta va yuqori darajali kadrlarni tayyorgarlikdan o’tkazish kerak, deydi.

“Davlat departamenti zaif bo’lishi mumkin emas. Byudjetida yetarlicha pul, layoqatli kadrlarga ehtiyoj bor, byurokratiyani yo’qotish kerak”, - deydi sobiq elchi Chester Kroker.

Davlat departamentida moliya bilan shug’ullangan sobiq xodimning aytishicha, 2001-yil 11-sentabr xurujlaridan so’ng diplomatlar xavfsizligi uchun xarajatlar keskin oshdi.

“Davlat departamentini qo’riqlashga uni yuritishdan ko’ra ko’proq pul sarflayapmiz hozir”, - deydi Bred Xiggins.

Ekspertlar nazarida, amerikaliklarni himoya qilish va urushga yo’l qo’ymaslik uchun diplomatiya har qachongidan muhim.