Tojikiston diplomatlari o’tgan hafta Vashingtonda mehmon bo’lib, Obama ma’muriyati bilan siyosiy, iqtisodiy va madaniy rishtalarni muhokama qildi.
Vashington bunday maslahatlashuvlarni Markaziy Osiyo respublikalari bilan har yili o’tkazadi. Tojikiston rasmiylari Chikago shahrida o’tgan NATO sammitida ham qatnashdi. Tashqi ishlar vaziri Hamroxon Zarifiy Vashingtonda davra suhbatida Tojikistonning ichki va tashqi siyosatiga alohida to’xtaldi.
So’nggi yillarda Tojikiston hukumati yoshlarni ekstremizm va diniy aqidaparastlikdan himoya qilish maqsadida qator choralar ko’rgan. O’tgan yili farzand tarbiyasida ota-ona rolini oshirish haqida qonun qabul qilindi.
Bolalarning diniy marosimlarda qatnashishini va masjidlar sonini cheklash ham qonunlarda o’z aksini topgan. Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi xalqaro tashkilotlar va Tojikiston islom uyg’onish partiyasi nazarida, bu yoshlarni erkin diniy ilm olish huquqidan mahrum qiladi.
Tashqi ishlar vaziri Hamroxon Zarifiy tanqidlarga javoban Tojikiston diniy erkinlikka doir xalqaro qonunlarga to’la amal qilmoqda deydi.
Uning aytishicha, Afg’oniston, Pokiston va Saudiya Arabistonida joylashgan radikal guruhlar Tojikistonda odam yollayotgani, ayniqsa yoshlarni o’ziga ergashtirishga harakat qilgani haqida konkret dalillar bor. Ota-onalarni ogohlikka chaqiruvchi qonun zaminida ana shu fakt yotadi.
“Sovet davrida Tojikistonda atigi 15-17 ta masjid bor edi, hozir esa ular soni 5-7 ming atrofida. Bu dargohlarning bir qismini fuqaro urushidan keyin vatanga qaytgan ektremizmga moyil odamlar boshqaradi, masjidga borgan yoshlar ongini zaharlaydi. Imom va mullalarni biz o’zimiz tayyorlashimiz kerak”, - deya tushuntiradi rasmiy.
Hozirgacha prezident Emomali Rahmon ko’rsatmasi bilan xorijiy madrasalarda diniy ta’lim olayotgan 800 dan oshiq talaba vatanga chaqirtirilgan.
Sabab, deydi Hamroxon Zarifiy, deylik Pokiston, Saudiya Arabistoni yoki Eronda tahsil olgan shaxslar islom mohiyatini uch xil talqin qiladi, e’tiqodga turlicha yondashadi.
95 foiz aholisi musulmonlardan iborat mamlakatda masjidlar ko’p bo’lishi, besh mahal namoz o’qish darkor degan chaqiriqlarga rasmiyning javobi shunday:
“Hamma besh mahal namoz o’qisa, ishni, mehnatni kim qiladi”?
Vashingtondagi Jons Xopkins Universitetida o’tgan davra suhbatida Tojikiston tashqi ishlar vaziri Rossiya bilan aloqalarga ham to’xtaldi. Rossiya bu davlatda yirik harbiy bazaga ega, uning ijara muhlatini yana 49 yilga uzaytirish haqida muzokara ketmoqda. Masalaning moliyaviy tomoni hali hal etilmagan.
Qozog’iston, Rossiya va Belarus o’rtasida tuzilgan iqtisodiy ittifoqqa qo’shilish taklifiga Tojikiston qanday qaraydi?
“Masalani o’rganib chiqayapmiz. Tojikiston o’z manfaatlaridan kelib chiqib, bir qarorga keladi. Ittifoq a’zolari bilan umumiy chegaraga ega emasmiz. Lekin Qirg’iziston iqtisodiy ittifoqqa kiradigan bo’lsa, bu haqda jiddiyroq o’ylab ko’rsa bo’ladi”, - deydi Hamroxon Zarifiy.
Eron bilan tili, madaniyati bir Tojikiston muammoni hal etishda vositachilik qilishi mumkinmi?
“Eron sizga Iroq yoki Afg’oniston emas, o’ziga yarasha qudratli bir davlat. G’arb harbiy chora haqida mutlaqo o’ylamasligi kerak. Tojikiston sanksiyalarga ham qarshi, chunki ulardan oddiy xalq aziyat chekayapti”.
Hamroxon Zarifiyning qayd etishicha, Eron atom qurollari yaratmasligi kerak, ammo boshqa davlatlar qatori atom energiyasidan o’z taraqqiyoti yo’lida foydalanish huquqiga ega.