Yevropani so’nggi oylarda siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik bilan bog’liq muammolar qamrab olgan. Yevropa Ittifoqi kelajagi va tashkilotning AQSh bilan munosabatlariga fuqarolar shubha bilan qaray boshladi.
Mushtarak qadriyatlar va manfaatlar transatlantik hamkorlik negizidir. Atlantika okeanining har ikki tomonidagi davlatlarning shu kunlardagi muammolari ham mushtarak.
“Gretsiya qarzi va moliyiaviy inqirozi, qochqinlarning misli ko‘rilmagan miqdorda qit’aga kirib borishi, xavfsizlikka tahdidlarning oshgani, populist siyosiy harakatlarning kuchga to’layotgani, Britaniyaning Yevropa Ittifoqini tark etish qarori ana shu muammolarning bir qismi”, - deydi Germaniyaning AQShdagi elchisi Peter Vittig.
Bular ittifoq birligiga tahdid solishi mumkinmi?
“Kelasi 2-5 yilda Yevropada qochqinlar soni yanada ko’payadi, terror xurujlari ham. Amerikaning qit’a bilan hamkorligi susayib, Rossiya bilan kuchayadi. Transatlantik aloqalar beqarorlashadi”, - deydi Vashingtondagi Jorjtaun universiteti olimi Jeffri Gedmin.
Global masalalarda va xavfsizlikka kelganda Yevropa Amerika yordamiga tayanib kelgan, biroq Donald Trampning prezidentlikka kelishi bilan vaziyat o’zgarishi mumkin, deydi tahlilchi Stiven Tsabo.
“NATO, Amerikaning NATO orqali Yevropa xavfsizligini kafolatlashi, Yevropa Ittifoqi - bularning barchasi o’zgarishi mumkin”, - deydi Germaniyaning Marshal jamg’armasi eksperti.
Bostondagi Tafts universiteti dekani, NATO sobiq qo’mondoni admiral Jeyms Stavridisning aytishicha, Yevropada qudrat uchun kurash ketmoqda.
“Sovuq urush holatiga qaytishni istamaymiz, ammo Rossiyaning noqonuniy harakatlariga har joyda javob berishimiz kerak”, - deydi u.
Stavridisga ko’ra, Kreml Yevropa Ittifoqiga qarshi kuchlarni qo’llab-quvvatlab, Yevropa siyosatiga aralashmoqda.
“Prezident Putinning asosiy maqsadi - transatlantik ittifoqni parchalash”, - deydi u.
Yevropaning xavotirlari NATOni kuchaytirishga asos sifatida ko’rilmoqda. Yevropa davlatlari josus samolyotlar, dronlar, havo mudofaasi sistemasi, jangovar kemalar sotib olishni rejalamoqda, deydi vashingtonlik tahlilchi Kristofer Chivves.
“Rossiyaning birorta qo’mondoni yoki rahbari NATOga qarshi urushda yutish ehtimolini hatto xayoliga ham keltirmasin”, - deydi Rend Korporatsiyasi mutaxassisi.
Yevropa Ittifoqiga qarshi kuchlar joriy yilda Fransiya va Germaniyadagi saylovlarga qattiq hozirlanmoqda, ammo Tsabo mo’tadil partiyalar ularni mag’lub qilishiga ishonadi.
“Yevropaliklar Yevropa birligiga ovoz beradi, uni bo’lib tashlash uchun emas”, - deydi u.
2017-yil transatlantik ittifoq uchun, global liberal tartib uchun muhim va hal qiluvchi yil bo’lishi kutilmoqda.