Shimoliy va Janubiy Dakota shtatlari anchadan beri bezovta. Tub aholi yangi neft quvuri bunyod etilishiga qarshi va hozirga kelib loyiha vaqtincha bekor qilingan.
Lakota Siu qabilasi va uning tarafdorlari 3,8 milliard dollarlik proyektni" federal hukumat boshlagan "balo" deya ta'riflaydi. Bu hududni qabila uzoq yillar oldin davlatga topshirgan. Lekin odamlar hali ham bu yerda yashaydi va ona yurtini himoya qilish uchun qonuniy hujjatga ega bo'lish shart emas, deydi tub aholi vakillari.
Shimoliy Dakota shtatidan boshlanib, Janubiy Dakota, Ayova orqali Illinoys shtatigacha cho'zilib, kuniga yarim million barrel qora oltin tashishi ko'zlangan quvurni Texas shtatida asoslnagan ETP kompaniyasi qurmoqda.
Quvur suv ta'minotini buzishi mumkin, deydi mutaxassislar. Bundan xavotirga tushgan Siu qabilasi har qanday loyiha "bizning fotihamizsiz tasdiqlanmasin" deb keladi.
Siu qabilasi bahordan beri namoyishda. Hukumatni ular vijdonsizlikda ayblaydi.
Kongressga saylanish umidida yurgan Cheyz Ayon Ayz deydiki:
“Qabilamiz yaqin o'tmishda bunchalik to'planib, haqqini talab qilmagan. 1851-yilda hukumat bizning qabilalarimiz bian kelishganida, bu yerlar asrab-avaylanadi deya so'z bergan".
Bitimga ko'ra, Siu qabilasi 50 yil davomida har yili davlatdan 50 ming dollar olgan. Keyinchalik esa hukumat yangi loyihalar tanishtira boshladi. Qonunan unga buning haqqi bor.
Qabila noroziligi mamlakat bo'ylab katta yangilikka aylandi va targ'ibot ish bergandek, chunki loyiha vaqtincha to'xtatilgan.
Namoyishlar tinch o'tsa hammasi joyida bo'ladi, aks holda to'polonlar shtat, aholi va hukumat uchun qimmatga tushishi mumkin, deya ogohlantirmoqda mutasaddilar.
Qabila vakillari esa loyiha qayta boshlanmasa, to'polonga hojat bo'lmaydi, deydi.
AQSh Adliya vazirligi loyiha qayta ko'rib chiqilsin degan fikrda. Suv ta'minotiga ta'sir qilishi mumkinmi yo'qmi, bu ham aniqlanishi kerak.
Siu qabilasi Oq uy oldida namoyish qilib, Prezident Barak Obamadan quvur qurilishini man etishni so'ramoqda.
Besh ming odam ko'chada, deya ogohlantirmoqda Siu qabilasi. Biznes manfaatlar tub aholi manfaatlaridan ustunmi? Davlat kim tomonda? Norozi fuqarolar javob kutmoqda.