Donald Trampning taqdiri Kongressdagi impichment surishtiruvi jarayonida hal bo’layotgan bir paytda AQSh rahbari 2020-yil saylovi haqida o’ylamoqda. Iqtisodiy yuksalish so’nggi 11 yildan beri davom etarkan, Tramp qimmatbaho qog’ozlar bozoridagi ijobiy ko’rsatkichlarni o’z siyosati bilan bog’lamoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
“Misli ko’rilmagan iqtisodiy yuksalishga qo’l urdik”, - dedi Tramp.
Rasmiy hisoblarga ko’ra, AQShda ishsizlik so’nggi 50 yilda eng quyi nuqtaga tushib, 3,5 foizni tashkil etyapti. Ijobiy iqtisodiy ko’rsatkichlar Trampga saylovda qo’l kelishi mumkin, deydi tahlilchi Mark Xamrik.
“Iqtisodiyot ko’tarilsa ham prezidentni maqtaymiz, tushsa ham prezidentni so’kamiz”, - deydi mutaxassis.
Biroq raqib demokratlar nazarida, Tramp maoshlar hamda boy va kambag’allar o’rtasidagi tafovutlarga e’tibor qaratmayapti.
“Bugungi Amerika ikkiga bo’lingan – barcha boyliklarni so’rib olayotgan boylar va ulardan ancha ortda qolib ketgan boshqa hamma”, - deydi prezidentlikka nomzod senator Elizabet Uorren.
Bu bahsda kim haqu, kim nohaqligini keyingi yil noyabrida saylovchilar hal qiladi. Oq uy ma’muriyati iqtisodiy yutuqlar haqida bong ursa-da, Xitoy kabi savdo hamkorlari bilan muzokaralar cho’zilib ketmoqda. Bu esa sarmoyadorni asabiylashtirmoqda.
“Tariflar hali ham joyida. Hatto qo’shimcha tarif qo’yilishi haqida do’q-po’pisalar yangragan. Savdo bobidagi tortishuvlarning kuchayishi ham kutilmoqda. Masalan, AQSh va Fransiya o’rtasida”, - deydi Mark Xamrik.
Demokratlar Tramp impichmentga yuz tutib, saylovgacha yetib bormasligiga, prezidentning o’zi esa bu jarayondan yanada kuchli bo’lib chiqishiga umid qilmoqda.