AQSh rahbari Donald Tramp yetti musulmon mamlakatidan o'z yurtiga hech kimni kiritmaslik qarorini oqlashga urinar ekan, norozilik namoyishlari tinmayapti, aksincha ularning ko'lami kengaymoqda.
Trampning tvit qilishicha, Ichki xavfsizlik vaziri Jon Kelli unga farmon amaliyoti joyida, katta muammolar yo'q, deb aytgan. Prezident namoyishlarga parvo qilmoqchi emas.
Video: Prezident Tramp demokrat senator Charlz Shumerni immigratsion cheklovlarni bo'rttirib, ommani o'ziga qaratish uchun hatto soxta ko'z yoshlari to'kkanlikda aybladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Shumer boshqa ko'plab qonunchilar qatorida Oq uyni musulmonlarga eshik yopmaslikka, terrorizmga qarshi kurash bahonasi bilan inson huquqlarini toptamaslikka chaqirmoqda. Uning aytishicha, Amerikaning yangi rahbari bu yurt aslida muhojirlardan tashkil topganini, bu mamlakatda millionlab musulmonlar yashashini unutib qo'ygan yoki bu haqiqatga ko'z yummoqda.
Respublikachi senatorlar Jon Makkeyn va Lindzi Grem ham Tramp qarorini qoralamoqda. Bu Amerika qadriyatlariga tupurishdir, deydi ular. Bu farmon AQSh xavfsizligini ko'zlamaydi, aksincha uni tahdid ostiga qo'yadi, unga nisbatan nafratni oshiradi, terroristlarga qo'l keladi, deydi senatorlar.
Demokratlar ham shunday fikrda. Senator Kris Merfining bayon qilishicha, Kongressda yaqin orada prezident farmonini puchga chiqaruvchi qonun loyihasi tanishtiriladi.
Trampning farmoniga ko'ra, kelasi to'rt oy mobaynida hech bir davlatdan biror qochqin qabul qilinmaydi. Shuningdek, Iroq, Eron, Suriya, Somali, Sudan, Liviya va Yamandan uch oy davomida biror kimsa AQSh sarhadiga qo'yilmaydi, diplomatlardan tashqari.
Oq uyning aniqlik kiritishicha, qo'lida grin-karta, ya'ni AQShda doimiy yashash va ishlash huquqini beruvchi hujjatga ega bo'lganlar bemalol kirib chiqishi mumkin.
Farmonga binoan hukumat organlari, agar davlat xavfsizligiga tahdid ehtimoli bo'lsa, odamlarning vizalarini bekor qilish vakolatiga ega. Federal sudyalar bunday yondashuvni qoralab, qonunga zid deya hukm bergan. Ularning aytishicha, biror odamni yuridik asossiz tahdid deb bilib, uni erkinlikdan ayirish huquqni buzishdir.
Oldingi prezidentlar davrida ham ayrim cheklovlar kuzatilgan, lekin Tramp siyosati quyushqondan chiqishdir, deydi ko'plab huquqshunoslar. Viza olishdan oldin tekshirilasiz. Qochqin degan maqomga ega bo'lish uchun ham 1-2 yil elakdan o'tkazilasiz. Tekshiruv tizimi mavjud. Uning ustiga yangi taqiq qo'yish inson erkinliklariga qarshi qo'pol harakat, deydi ekspertlar.
Video: Tramp qaroriga qarshi namoyishlar
Your browser doesn’t support HTML5
Amerika-Islom aloqalari kengashi rahbari Nihad Avad deydiki, man etilgan davlatlardan hech kim Amerikada terror xurujlari qilmagan. Musulmonlardan asossiz gumonsirash mantiqsizlik, noinsoniylikdir, deb hisoblaydi Avad.
Xalqaro musulmon tashkilotlari ham shu mazmundagi bayonotlar bilan chiqmoqda.
2001-yilning 11-sentabrida Amerikada qilingan terror xurujlarini Saudiya Arabistoni fuqarosi bo'lgan kishilar amalga oshirgan. Lekin Tramp taqiqlagan davlatlar orasida bu davlat yo'q.
Eron va Iroq Vashingtonga javoban Amerika fuqarolariga eshikni yopmoqda. Sudan hukumati esa taqiq uch oydan keyin bekor qilinadi degan umidda.
Video: Tramp qaroriga qarshi namoyishlar
Your browser doesn’t support HTML5