Trampning Afg'oniston va Pokiston siyosati qanday bo'ladi?

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Donald Tramp saylov kampaniyasi paytida Afg’oniston va Pokiston haqida ko’p gapirmadi. Afg’on urushi 2001-yilda boshlangan bo’lsa, Amerikada bu davr ichida uchinchi prezident almashdi. Yangi rahbarning Janubiy Osiyodagi siyosati qanday bo’ladi?

AQShning Afg’onistonda jangarilarga qarshi 15 yillik harbiy kampaniyasiga qaramay, Tolibon qayta kuchaymoqda, afg’on armiyasi va politsiyasi hanuz xorijiy yordamga muhtoj, deydi tahlilchilar.

“Oq uydagi yangi ma’muriyatning strategiyasi Afg’onistondagi vaziyatga qarab belgilanadi, deb o’ylayman. Obama prezidentligi davrida bo’lganidek, ichki siyosatga bog’liq bo’lmaydi”, - deydi vashingtonlik tahlilchi Liza Kurtis.

Bugunga kelib Afg’oniston xavfsizlik kuchlari mamlakat hududining 60 foizidan sal kattaroq qismini nazorat qiladi, xolos. So’nggi yillarda ko’p hududlar jangarilarga boy berildi.

“Bu yil ham shiddatli janglarga guvoh bo’lamiz, deb o’ylayman. Bunday sharoitda jiddiy o’zgarishlarga yetaklovchi muzokaralar ehtimoli haqida gap bo’lishi mumkin emas”, - deydi vashingtonlik yana bir ekspert Entoni Kordsmen.

Pokistonlik jurnalist va yozuvchi Ahmad Rashid nazarida, Xitoy, Eron va boshqa davlatlar aralashuvi tufayli vaziyat yanada chigallashmoqda.

“Mintaqada ahvol yanada murakkablashgan. Eron Tolibonni qo’llab-quvvatlamoqda, jangarilar Rossiya bilan muzokara qilyapti, Xitoy bilan ham”, - deydi u.

Ayrimlar nazarida, Tramp afg’on hukumatiga pul bergandan ko’ra aksil-terror harakatlarga diqqat qaratishi zarur.

“Tramp saylovdan oldin yoki keyin ham Afg’oniston mavzusini ko’p tilga olmadi. Biroq gaplaridan shunisi ma’lumki, u Pokiston bilan bog’liq strategik muammolarni hal qilishni istaydi”, - deydi tahlilchi Rebekka Tsimmerman.

Prezident Tramp tuganmas urushga yakun yasay oladimi, yo’qmi, hozircha ma’lum emas, ammo AQSh mintaqada hali uzoq muhim o’yinchi bo’lishi hech kimga sir emas.