AQSh Prezidenti Donald Tramp Amerikaning Afg’onistondagi uzoq yillik harbiy kampaniyasini tanqid qildi. Uning aytishicha, generallar 19 yilda Tolibonni yenga olmadi. Tramp bu haqda vazirlar mahkamasida so’zlagan.
Your browser doesn’t support HTML5
Unga ko’ra, Afg’onistondagi harbiy harakatlar uchun yetarlicha mablag’ ajratilganiga qaramay, ish puxta bajarilmadi. Amerikadan minglab kilometr narida bo’lgan mamlakat uchun shuncha pul sarflash to’g’rimidi, deydi Tramp.
AQSh rahbari Afg’onistonda qo’shinlar soni qisqartiriladi deb yaqinda ma’lum qilgan. Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, bu Tolibon bilan tinchlik muzokaralarida afg’on hukumati pozitsiyasini zaiflashtirishi mumkin.
“Nega Rossiya Afg’onistonga yordam bermayapti? Hindistonchi? Pokistonchi? Biz nega u yerdamiz? Axir Afg’oniston Amerikadan 9000 kilometr uzoqlikdaku!” – dedi Tramp.
AQSh prezidenti Sovet Ittifoqining 1980-yillarda Afg’onistondagi to’qqiz yillik urushini Amerikaning hozirgi harbiy harakatlariga qiyoslar ekan, afg’on urushi Sovet Ittifoqiga jiddiy moddiy zarar yetkazganini, mamlakat qulashiga hissa qo’shganini aytdi. Tramp AQShning Afg’onistondagi sarfiyatlari ma’nosiz ekaniga ishora qildi.
“Mudofaa vazirligining byudjeti 700 milliard dollarga yetganda sobiq vazir Jim Mattis menga rahmat aytgan edi. Bir yildan keyin byudjet 716 milliard dollarga ko’tarildi. Ammo bu pulga nima qilindi? Vazirning Afg’oniston bo’yicha ishini qoniqarsiz baholayman”, - dedi Tramp.
Prezident AQShning Afg’onistondagi harbiy strategiyasini tanqidga oldi.
“4-5 hafta oldin generallarimiz bilan gaplashganda ularga “Tolibon bilan “Islomiy davlat”ga tegmang, bir-birining go’shtini yesin, oraga kirmang, axir ikkisi ham dushman” degan edim. Askarlarimiz esa har ikkisi bilan jang qilmoqda”, - deydi Tramp.
Davlat rahbari harbiy rejalarning ommaga, omma orqali dushmanga oshkor etilishiga qarshi.
O’tgan oy AQSh rasmiylari Birlashgan Arab Amirliklarida Tolibon vakillari bilan muloqot qildi. Toliblar Amerika qo’shinlari Afg’onistonni tark etmas ekan, Kobuldagi hukumat bilan gaplashishdan bosh tortmoqda.
AQSh harbiylari Tolibon bilan muloqot urushga yakun yasashiga yordam berishiga umid qilmoqda. Polkovnik Deyvid Batlerning aytishicha, 2019-yil umidga to’la davr bo’ladi.