Tramp ma’muriyati Xitoyning Afrikada o’sib borayotgan ta’sirini tushirish maqsadida AQShning bu qit’ada iqtisodiy faoliyatini oshirishga qaratilgan yangi tashabbusini e’lon qildi. Biroq ikki yarim yildan beri faoliyat yuritayotgan Tramp ma’muriyatini kuzatayotgan tahlilchilar nazarida, Afrika ayni damda Oq uy uchun ustuvor yo’nalish emas.
Your browser doesn’t support HTML5
AQSh davlat kotibining Afrika masalalari bo’yicha muovini Tibor Nagining aytishicha, Qo’shma Shtatlar Afrikaga do’st mamlakatdir.
Biroq tashqi siyosat bilan shug’ullanuvchi ba’zi ekspertlar bunga shubha bilan qaramoqda.
“Oq uydagi aksariyat ma’muriyatlar uchun Afrika hamisha oxirgi o’rinda bo’lgan. Trampning sobiq prezident Bushchalik qit’aga qiziqishi yo’q”, - deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazidan Judd Devermont.
Tramp ma’muriyati o’tgan yil dekabr oyida Xitoyning Afrikadagi ta’sirini tushirishga qaratilgan strategiyani e’lon qilgan edi.
“Bizning siyosatimiz boshqalarning Afrikadagi siyosatiga bog’liq bo’lmasligi kerak. Biz qit’ada hamkorlikni shakllantirish va kuchaytirishga urg’u berishimiz kerak”, - deydi AQSh Tinchlik institutidan Jonni Karson.
Shundan beri strategiyaga tuzatishlar kiritilgan, Pekin unda kamroq tilga olinmoqda, xususiy sektor bilan hamkorlikka urg’u berilmoqda.
“2050-yilga borib, Afrika aholisi ikki baravar ko’payadi. Millionlab, millionlab yoshlar bo’ladi, barchasini ish bilan ta’minlash kerak. Agar ishli bo’lishmasa, qit’a beqarorlikka yuz tutishi, ekstremizm kuchayishi, millionlab afrikaliklar Yevropa tomon yo’l olishi mumkin”, - deydi Davlat departamenti rasmiysi.
Iyun oyida Tramp ma’muriyati Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi va “Yashna, Afrika” tashabbusiga asos soldi. Korporatsiya AQShning qashshoq va kam daromadli mamlakatlardagi sarmoyalari hajmini oshirishni, tashabbus esa Afrikada tijorat bilan shug’ullanmoqchi bo’lgan Amerika kompaniyalari yuzlashayotgan to’siqlarni bartaraf etishni ko’zlaydi.
Ba’zi tahlilchilar Oq uyning bu harakatlaridan qoniqmayapti.
“Tramp ma’muriyati Afrika xavfsizlik va siyosiy beqarorlik bobida yuzlashayotgan muhim muammolarga o’ta sekin munosabat bildirmoqda”, - deydi Jonni Karson.
AQSh Birinchi xonimi Melaniya Tramp va prezidentning qizi Ivanka Afrikaga rasmiy tashrif bilan borgan, ammo Donald Tramp hozircha qit’ada bo’lmadi.