AQShda prezidentlikka ikki asosiy nomzod o’rtasida uch teledebatning birinchisi o’tkazildi. Respublikachilardan nomzod Donald Tramp va demokratlardan nomzod Jo Bayden koronavirusga qarshi kurash, Oliy sudga yangi sudyani tayinlash, tibbiy sug’urta, iqtisodiyot, iqlim o’zgarishi, savdo va saylov xavfsizligi xususida fikr bildirishdi, tortishishdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Jo Bayden AQShda COVID-19 dan 200 mingdan ortiq odam o’lganida Prezident Trampni ayblab, u virusga qarshi kech chora ko’rishga kirishganini aytdi.
“Prezidentda reja yo’q. Bizga hech nimani taqdim etgani yo’q. Inqirozning qanchalik jiddiy ekanini fevral oyidayoq bilganiga qaramay”, - dedi u.
Tramp bu borada qanday ishlar amalga oshirilganini sarhisob qildi.
“Xalatlar oldik, niqoblar oldik. Sun’iy nafas oldirish apparatlarini tayyorladik. Siz bu ishni uddalay olmasdingiz. Vaksina tayyor bo’lishiga bir necha hafta qoldi”, - dedi u.
Bayden Trampning sobiq prezident Barak Obama paytida qabul qilingan va salkam 20 million odamga xizmat ko’rsatayotgan tibbiy sug’urta dasturini yopishga harakat qilayotganini tanqid qilib, prezidentlikka saylansa uni takomillashtirishini aytdi.
Tramp demokratlar va, xususan Baydenni sotsialistik g’oyalarni targ’ib etayotganlikda aybladi.
AQShda bir necha kun oldin Oliy sudning liberal qarashlarga ega a’zosi Rut Bader Ginzburg vafot etishi ketidan Tramp bu lavozimga konservativ sudya Eymi Koni Barretni saylovdan oldin tayinlagani Bayden noroziligiga sabab bo’ldi. Uning aytishicha, saylovda kim yutsa, o’sha yangi sudya nomzodini ko’rsatishi kerak.
“Amerika xalqi Oliy sud a’zosini tayinlashda fikr bildirishga haqli”, - dedi u.
Tramp odamlar pochta orqali ovoz berishni boshlaganiga qaramay, prezident hali ham u ekanini eslatdi.
“O’tgan saylovda biz yutganmiz, demak, sudya nomzodini ko’rsatish huquqi ham bizda”, - dedi u.
Tramp saylov shtabida aloqa bo’limi rahbari debatdan qanoatlanganini aytadi.
“Prezident Tramp debatning har bir daqiqasida ustun ekanini, Jo Baydenning esa aksariyat hollarda zaifligini, moderatordan yordam olishga harakat qilganini tomoshabinlar ko’rdi”, - dedi Tim Murtaf.
Ayrim tahlilchilar tadbirni tanqid qildi.
“Har safar Bayden gapirishni boshlaganida 10, 20, 30 soniyasini tushunishga muvaffaq bo’ldik, ammo keyin prezident qayta-qayta uning gapini bo’ldi. Shuning uchun debatda kim g’olib chiqqanini aniqlashdan foyda yo’q, chunki prezident debat bo’lmasligini kafolatladi”, - deydi Jorj Meyson universitetidan Jeremi Mayer.
Saylovchilarga ham debatning aynan shu qismi yoqmadi.
“Ahmoqlik bu. O’rtada hurmat yo’q”, - dedi pensilvaniyalik bir odam.
Xorijiy jurnalistlar debatga o’zicha baho berdi. Germaniya televideniyesi tadbirni “zaharlangan duel” deb atadi, debatni olib borgan jurnalist Kris Volles nomzodlarni nazorat qila olmaganini ta’kidladi.
Rossiyaning davlatga qarashli “Rossiya-24” kanalida axborot ko’rsatuvi olib boruvchisi debatni tok-shouga o’xshatdi, nomzodlar muntazam ravishda bir-birining gapini bo’lganiga, bir-birini haqorat qilganiga ishora qildi.
Amerika saylovi natijasi nafaqat mamlakat siyosati, balki dunyo siyosatini ham belgilashi aytilarkan, ilk teledebat Avstraliyada ham yaqindan kuzatildi. Bu mamlakat tahlilchilaridan biri Tramp va Bayden o’rtasidagi munozarani “Amerika barometri” deb atadi.
“AQSh bugun o’ta qutblashgan, ko’p ma’noda bo’lingan”, - dedi sidneylik sharhlovchi Sten Grant.
Oktabr oyida nomzodlar yana ikki bor yuzma-yuz bahslashadi.