AQShda prezidentlikka da’vogarlar tashviqotini boshlar ekan, Prezident Donald Tramp va demokratlardan oliy lavozimga nomzod, sobiq vitse-prezident Jo Bayden muhim hisoblangan Ayova shtatida saylovchilar oldida so’zladi.
Tramp Baydenni shijoatsizlikda, Bayden esa Trampni qo’pol boshqaruv usulida ayblamoqda.
Amaldagi rahbar ayovaliklarga o’z yutuqlarini sarhisob qilarkan, o’zidan oldin prezidentlik qilgan Barak Obama va uning o’rinbosari bo’lgan Jo Bayden siyosatlarini tanqidga oldi.
“Amerika energiya resurslarining xorijiy ta’minotchilariga yana qaram bo’lmasligi kerak. Obama va Bayden paytida aynan shunday bo’lgan edi”, - dedi Tramp.
Unga ko’ra, Qo’shma Shtatlar so’nggi ikki yilda iqtisodiy yuksalishga erishdi. Ayrim kuzatuvchilar nazarida, uning tariflar siyosati amerikalik fermerlar va ayrim ishlab chiqaruvchilarga qimmatga tushmoqda. Biroq Tramp buning aksiga guvohmiz, dedi.
“Tariflardan tushayotgan milliardlab dollar puldan 16 milliardini fermerlarga berdik. Bu fermerlarimiz Xitoy bilan savdodan eng ko’p ishlagan summaga teng pul”, - dedi Tramp.
So’nggi ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, Trampning reytingi 50 foizga yaqin ekan, u 2020-yilda qayta saylanishiga ishonchi katta ekanini aytdi. Biroq boshqa so’rovga ko’ra, Bayden ayni damda Trampdan 13 foiz oldinda ketmoqda.
Sobiq vitse-prezident ham Tramp bilan bir kunda Ayovada tashviqot ishlarini olib bordi.
“Tramp asosiy qadriyatlarimizga, duynodagi mavqeimizga tahdiddir. U “Twitter”da hammaga hamla qilish bilan ovora”, - dedi u.
Demokratlardan prezidentlikka asosiy da’vogar hisoblanayotgan Bayden Trampning tariflar foydasi haqidagi bayonotlarini savolga tutdi.
“Michigan, Ogayo, Ayovada mag’lub bo’lishini sezgan Tramp birdan Meksikaga tariflar bilan do’q-po’pisa qilishga kirishdi. Reytingi tushsa, yana tariflar bilan tahdid qiladi. Amerika ishchilari unga o’yinchoq bo’lib qoldi, Tramp o’yinidagi o’yinchoqlar”, - dedi Bayden.
Sobiq vitse-prezident saylovda Tramp bilan yuzlashishdan oldin Demokratik partiyadan chiqqan boshqa da’vogarlarni mag’lub etib, yagona nomzodlikni qo’lga kiritishi kerak.