AQShda prezident saylovlari yaqinlashar ekan, sotsiologlar ikki asosiy nomzod – respublikachilardan Donald Tramp va demokratlardan Jo Baydenning turli shtatlardagi imkoniyatlarini o’rganmoqda. Ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, nomzodlar Pensilvaniya shtatida deyarli teng imkoniyatlarga ega, Viskonsinda esa sobiq vitse-prezident Bayden ko’proq ovoz olishi mumkin.
Your browser doesn’t support HTML5
“Reyter” axborot agentligi Michigan, Shimoliy Karolina, Florida va Arizona shtatlarida ham so’rov o’tkazgan. Kuzatuvchilarga ko’ra, bu olti shtat saylovda hal qiluvchi rol o’ynashi mumkin.
Floridalik saylovchilarning aytishicha, Tramp so’lchilar harakatiga barham berishga intilmoqda.
“Bu odamlar sotsialist, kommunist”, - deydi Trampning Xose Kardenas ismli tarafdori demokratlarning ba’zilariga ishora qilib.
“Saratonga qarshi ba’zan kimyoterapiyasi qo’llanadi. Tramp kimyoterapiyadir. Qanday bo’lmasin, Trampni qabul qilamiz. Kommunistdan ko’ra ahmoq bo’laversin”, - deydi u.
Pensilvaniyalik ayrim saylovchilarning aytishicha, koronavirus pandemiyasi ketidan joriy etilgan karantindan saylovoldi kampaniyada Tramp ko’proq foyda ko’rdi.
Boshqalar nazarida, Bayden Trampni yengishga qodir nomzoddir.
“Boshqa payt Baydenga ovoz bermagan bo’lardim, ammo Trampga qaraganda u ancha yaxshi. Menimcha, har qaysi nomzod Trampdan yaxshiroq”, - deydi Mayami universiteti talabasi Nikol Ozgud.
Hafta boshida Viskonsinda saylovchilar bilan uchrashgan Bayden Trampning koronavirusga qarshi siyosatini tanqid qildi. Prezident esa Ogayoda bo’lib, iqtisodiy yutuqlari haqida gapirdi. Unga ko’ra, Bayden vitse-prezidentligi paytida erkin savdo bobidagi shartnomalarni qo’llab-quvvatlab, bu shtatda ko’p odamlarni ishsiz qoldirdi.
Tramp 3-noyabrda bo’ladigan saylov natijalari munozarali bo’lishini va masala Oliy sudga oshirilishini bashorat qilmoqda. Unga ko’ra, demokratlar pochta orqali ovoz berishni keng targ’ib qilmoqda, ammo bu ovozlar hisobining cho’zilishiga olib keladi.
Masala Oliy sudga oshirilgan taqdirda 9 a’zolik hay’atdagi konservativ sudyalar respublikachilarga yon bosishi mumkin. Olti kun oldin Oliy sudning liberal qarashlarga ega sudyasi Rut Ginzburg saratondan vafot etib, Trampda konservativ sudyani tayinlash uchun imkon tug’ildi. Ayni paytda Oliy suddagi sakkiz sudyaning besh nafari konservativdir.
Prezident shanba kuni nomzodni tayinlamoqchi. Uni tasdiqlash esa respublikachilar ko’pchilikni tashkil etuvchi Senat qo’lida. 3-noyabr kuni prezidentdan tashqari Senatning uchdan biri ham saylanadi. Yuqori palatada kuchlar nisbati demokratlar foydasiga o’zgarishi ehtimolini hisobga olayotgan respublikachilar yangi sudya nomzodini yil oxirigacha hal qilishi mantiqqa to’g’ridir.