AQShda prezident saylovlariga ikki oy vaqt qoldi. Demokratik partiyadan nomzod Jo Bayden amaldagi Prezident Donald Trampni Oregon shtatining Portlend shahrida dam olish kunlari ro’y bergan qonli to’qnashuvlarda aybladi.
“Tramp qonun va tartib haqida gapirish uni kuchli qiladi deb o’ylasa kerak. Biroq tarafdorlarini qurollangan to’da kabi harakatlanishdan qaytara olmagani uning zaif ekanini ko’rsatmoqda”, - dedi Bayden.
O’tgan shanba Portlendda Tramp tarafdorlari “Qora tanlilar hayoti muhim” harakati namoyishchilari bilan to’qnashishi oqibatida bir odam otib o’ldirildi. Qurbonning Trampga xayrixoh konservativ guruh a’zosi bo’lgani aytilmoqda.
Prezident avtomobil va mototsikllarda AQSh bayroqlari va Trampni qo’llab-quvvatlovchi shiorlar bilan namoyish qilgan odamlarni vatanparvarlar deb atadi.
Bir necha kun oldin Viskonsin shtatining Kenosha shahrida politsiyachi bir qora tanliga orqadan yetti marta o’q uzishi ketidan namoyishlar boshlanib ketdi. O’tgan hafta Tramp tarafdorlaridan biri namoyishchilarga o’q otib, ikkisini o’ldirgan.
Davlat rahbari irqiy tengsizlikka qarshi namoyish ishtirokchilarini anarxistlar deb atarkan, demokratlarni saylov kuni afro-amerikaliklar ovozlarini olish maqsadida namoyishchilar qo’l urayotgan zo’ravonliklarga ko’z yumayotganlikda aybladi.
“Agar Demokratik partiya anarxistlar, buzg’unchilar, isyonchilar, talonchilar va bayroq yoquvchilar bilan bir qatorda turishni istasa, bu ularning ishi, ammo men prezidentingiz sifatida bunga sherik bo’lmayman”, - dedi Tramp.
Bayden dushanba kungi chiqishida tarafdorlari va raqib taraf tomonidan amalga oshirilayotgan har qanday zo’ravonliklarni qoralab chiqdi.
“Bu qonunsizlikdir. Bunga qo’l urayotganlarni javobgarlikka tortish kerak. Zo’ravonlik o’zgarish keltirmaydi. Zo’ravonlik faqat vayronagarchilik olib keladi”, - dedi u.
Prezident Tramp bugun Kenoshaga borishni rejalagan, biroq Viskonsinning demokrat gubernatori undan Vashingtonda qolishni so’ragan. Toni Eversning aytishicha, Tramp huzuri bo’linishga barham berishga qaratilgan harakatlarga pand beradi.
Portlendning demokrat meri Ted Viler ham Trampni tanqid qilarkan, uni mamlakatda adovat va bo’linish urug’ini sochayotganlikda aybladi.
Tramp Vilerni ahmoq va layoqatsiz deb atadi, Portlendda tartibni o’rnatishga ojizlikda aybladi.
Bayden saylov kampaniyasida Trampning koronavirus pandemiyasini jilovlashga ojizligiga urg’u bermoqchi. Tramp esa qonun va tartibga urg’u berarkan, Michigan va Pensilvaniya kabi saylovda ikkilanuvchi shtatlarda o’tkazilgan so’nggi so’rovlarda Baydenning Trampdan ustunligi qisqarib bormoqda.