AQShda prezidentlikka nomzodlar qanday qiyinchiliklarga uchramoqda?

  • Amerika Ovozi

AQShda koronavirusdan infeksiyalanish davom etayotganiga qaramay, ayrim shtatlarda bizneslar ochilmoqda.

“Muvozanat bo’lishi kerak. Iqtisodiyotni tiklash bilan birga odamlarni himoya qilishda davom etishimiz kerak”, - deydi Ogayo gubernatori Mayk Divayn.

Bir necha haftadan beri Vashingtondan chiqmagan Prezident Donald Tramp saylovlarda u uchun muhim bo’lgan Arizona va Ogayo shtatlariga safar qilishini bildirdi.

Ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, demokratlardan prezidentlikka nomzod Jo Bayden kurash murosasiz kechishi kutilayotgan ko’plab shtatlarda reytinglarda oldinda ketmoqda.

Ba’zi saylovchilar Trampning koronavirusga qarshi siyosati va bayonotlarini tanqid qilmoqda.

“Hozirgi qiyin ahvoldan chiqish uchun kimga ishongan bo’lardingiz? Bu prezident koronavirusga qarshi kurashda surunkali layoqatsizlik ko’rsatmoqda”, - deydi Demokratik partiya qo’mitasi raisi Tom Peres.

Biroq respublikachilar prezidentning iqtisodiy yutuqlariga diqqat qaratmoqda.

“Prezidentning pandemiyadan oldingi iqtisodiy siyosati ko’plarga manzur. Hozir ham iqtisodiyotni tiklashda u bizga bosh bo’ladi”, - deydi Respublikachilar partiyasi qo’mitasi raisi Ronna Makdaniel.

Tramp saylov shtabi prezidentning reytingini yaxshilashga zo’r berarkan, uningraqibi Bayden sobiq xodimining salkam 30 yil oldingi jinsiy tajovuz haqidagi da’vosi bilan yuzlashmoqda.

“Bayden bu ish bo’lmaganini qat’iyan ta’kidlab o’tdi”, - deydi Peres.

Ijtimoiy masofa sharoitida saylov kampaniyasini olib borish oson emas. Ko’p sonli yig’inlarga ruxsat qachon berilishi ma’lum emas.

“Saylovchilarga zarar yetishini istamaymiz. Buning o’z vaqt-soati bor”, - deydi demokratlar sardori.

“25 minglik namoyishlar vaqtiga yana qaytamiz degan umiddaman”, - dedi Tramp.

Ungacha esa kampaniya onlayn tartibda olib boriladi.