Tramp o'z atrofiga keskin tashqi siyosat tarafdorlarini yig'moqda

  • Amerika Ovozi

Jon Bolton, AQShning BMTdagi sobiq elchisi, Tramp ma'muriyatida milliy xavfsizlik maslahatchisi bo'lib ishlaydi endi

AQSh Prezidenti Donald Tramp atrofiga keskin tashqi siyosat tarafdorlarini to’plamoqda. Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Mayk Pompeo davlat kotibi lavozimiga tayinlandi, sobiq Prezident Jorj Bush paytida BMTda elchi bo’lgan Jon Bolton esa milliy xavfsizlik maslahatchisi vazifasiga kirishmoqda.

Bolton Tramp bilan so’nggi payt chiqisha olmagan general Gerbert Makmasterning o’rniga o’tirmoqda.

“Mojaroning oldini olish uchun qudratli armiyaga ega bo’lish muhim. Qadimgi rimliklar aytganiday “tinchlikni istasang, urushga tayyor tur”, - deydi Bolton.

BMTga elchilikdan ketganidan so’ng Bolton bir necha yil televideniyeda siyosiy sharhlovchi bo’lib ishladi, AQSh va Shimoliy Koreya rahbarlari o’rtasida oliy darajadagi uchrashuvga hozirlik ketayotgan bir paytda u milliy xavfsizlik masalalarida endi Trampning o’ng qo’li bo’ladi.

“Shimoliy Koreyadagi rejimga ishonch yo’q”, - deydi u.

Oq uyning milliy xavfsizlik masalalari bo’yicha sobiq maslahatchisi Stiven Xedlining aytishicha, Trampning qattiq gaplari ba’zan natija bermoqda.

“Tramp ma’muriyati Shimoliy Koreyaga qarshi qattiq gaplar gapirib, Xitoy diqqatini o’ziga tortdi – Pekin Pxenyanga qarshi sanksiyalarni qo’llab-quvvatladi. Shimoliy Koreya rahbariyati ham bunday gaplarga quloq berib, endi Tramp bilan gaplashishga tayyor ekanini bildirmoqda”, - deydi Xedli.

Ba’zilar nazarida, Bolton va Trampning g’anim davlatlarga nisbatan qarashlari bir-biriga hamohangdir.

“Bolton Shimoliy Koreyaga nisbatan birinchi hujum haqida gapirmoqda. Eron bilan imzolangan xalqaro bitimga ham qarshi u”, - deydi admiral Mayk Myullen.

Tramp bitimdan chiqamiz, deb kelmoqda. Davlat kotibi lavozimiga ko’rsatilgan Mayk Pompeo ham shunday fikrda.