AQSh Prezidenti Donald Tramp Xitoyning savdo va moliyaviy siyosatini tanqid qilayotgan bir paytda Pekinning Gonkongga qo’yayotgan bosimini tanqidsiz qoldirdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Pitsburg shahriga safar qilgan Trampning aytishicha, Xitoy Jahon savdo tashkilotini o’ynatmoqda, milliy valyutasi qiymatini o’z foydasiga tushirmoqda. Gonkong masalasida esa Tramp buni Xitoyning ichki ishi deb atadi.
Gonkong xalqaro aeroportini bosgan namoyishchilar politsiya bilan to’qnashib, yuzlab reyslarning qoldirilishiga sabab bo’ldi. AQSh prezidenti vaziyat murakkab ekanini aytib, oxiri baxayr bo’lishiga umid qildi.
“Gonkong masalasi juda ham murakkab masala. Nima bo’lishini ko’ramiz hali. Tinchib ketadi degan umiddaman”, - dedi Tramp.
AQSh rahbari Xitoy Gonkong chegarasi bo’ylab qo’shin safarbar etganidan xabardor ekanini aytib, hammani bosiqlikka chaqirdi. Tramp Gonkongdagi namoyishlarga turtki bo’lgan qonun loyihasiga munosabat bildirmadi. Gonkong ma’muriyati jinoyatda gumon qilinganlarni Xitoyda sud qilishga qaratilgan qonun loyihasini qonunchilik kengashidan o’tkazmoqchi bo’lganida aholi noroziligiga uchradi.
Chora tanqidchilariga ko’ra, Xitoy hujjatdan dissidentlarga qarshi foydalangan bo’lardi. Biroq savdo va iqtisodiyotga kelganda Tramp Xitoyni keskin tanqid qildi.
“Xitoy ishini uddalayapti. Barakalla. Ular yillar davomida mamlakatimizni sog’ib kelishdi bizning pulimizga va Jahon savdo tashkiloti yordami bilan. So’ng tashkilot qoidalaridan unumli foydalanishdi”, - dedi Tramp.
AQSh prezidenti, shuningdek, Xitoyni valyuta manipulyatsiyasida aybladi. Biroq Pekin bu ayblovlarni rad etmoqda. Ba’zi tahlilchilar bu masalada Xitoy tarafida.
“Xitoy yuanning ayirboshlash qiymatini sun’iy ravishda o’zgartirmadi. Xalqaro valyuta jamg’armasining so’nggi yillardagi hisobotlarida ta’kidlanishicha, Xitoy milliy valyutasining qiymati Xitoy iqtisodiyoti bilan uyg’undir. Tramp Xitoy raqobatbardoshligini kuchaytirish uchun yuan kursini ataylab tushirdi degan gapi umuman noto’g’ri”, - deydi makroiqtisodiy tahlilchi Kristofer Dembik.
Trampning aytishicha, AQSh Xitoy importlariga tariflar qo’yib, milliardlab dollar ishladi. Biroq Xitoyning ayrim mahsulotlariga 1-sentabrdan kuchga kirishi kutilayotgan 10 foizlik tarif amerikalik iste’molchilar manfaatlarini hisobga olib, 15-dekabrgacha qoldirildi.
Odatda amerikaliklar Rojdestvodan oldin elektronika mollari va kiyimlarni hadya tariqasida sotib oladi va bu mahsulotlarning aksariyati Xitoyda ishlangan.
Bu o'rtada Gonkong xalqaro aeroportida ish normal tartibga qaytdi. Aeroportni ikki kun egallab turgan namoyishchilarning uchdan ikki qismi politsiya bilan to’qnashuvdan so’ng binoni tark etdi, reyslar o’z vaqtida amalga oshirilimoqda.
Politsiya yo’lovchilarning yuklaridan barrikada yasagan namoyishchilarga qarshi rezinali to’qmoqlar va ko’zni yoshlantiruvchi sprey ishlatishga majbur bo’ldi.
Ikki kun ichida yuzlab parvozlar qoldirildi, asabiylashgan yo’lovchilarning ba’zilari namoyishchilar bilan qizg’in bahsga kirishdi.
“Namoyishchilar aeroportga kelib xato qilishdi. Ular namoyishlarini hukumatga qarshi qilsin, politsiyaga qarshi qilsin, lekin yo’lovchilarga emas. Bizning aybimiz nima? Oxir-oqibat ularning o’zi aybdor bo’lib qoladi”, - deydi avstraliyalik sayyohlardan biri.
Bir guruh namoyishchilar ikki odamni Xitoy agentlari deb o’ylab kaltaklagan. Biroq keyinchalik ulardan birining jurnalist ekani aniqlandi.
Politsiya besh kishini hibsga oldi.
Xitoy hukumati namoyishlarni qoralab, ularni terror harakatlariga qiyosladi.