AQSh Prezidenti Donald Tramp Xitoy va Hindiston o’rtasida vujudga kelgan chegara nizosini hal etish uchun vositachi bo’lishga tayyor ekanini aytdi. Pekin Himolay tog’lari bag’ridagi bahsli hududga minglab qo’shin kiritgan.
“Xitoylik harbiylar o’z nazoratidagi hududni kesib o’tib, chodirlar o’rnatib, Hindistonni chegara bo’ylab olib borilayotgan infratuzilma qurilishini to’xtatishga majburlamoqchi”, - deydi Vashingtondagi Xeritij jamg’armasidan Jeff Smit.
Tramp Twitter orqali chegaradagi mojaro yuzasidan vositachilik yordamini taklif etdi, biroq tahlilchi Smitning aytishicha, na Pekin va na Dehli bunga rozi bo’ladi.
“Prezident Tramp Hindiston va Pokiston o’rtasida Kashmir masalasida ham vositachilikni taklif etgan edi. Albatta, buning yomon joyi yo’q. Biroq tarixga va hozirgi vaziyatga nazar soladigan bo’lsak, hech bir tomon AQSh xizmatidan foydalanishni istamaydi”, - deydi ekspert.
Hindiston va Xitoy rasmiylari vaziyatni yumshatishga tayyor ekanini bildirdi.
“Chegaradagi vaziyatni tahlil qilish darajasidagi farq, ayniqsa yoz mavsumida to’qnashuvlarga yetaklab turadi, chunki shu paytda yo’llar ochilib, ularni nazorat qilish odatda kuchayadi”, - deydi Hindiston Transport vaziri V.K. Singx.
Pekin ham munosabat bildirdi.
“Xitoy-Hind chegarasidagi hozirgi vaziyat odatda barqaror va nazorat ostida. Chegaradagi nizolarni hal qilish mexanizmi va aloqa kanallari yaxshi yo’lga qo’yilgan”, - dedi Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Jao Lijian.
Tahlilchilarga ko’ra, vaziyatni nazoratda ushlash va tinchlikni saqlash har ikki tomon manfaatiga javob beradi.