Tramp Xitoyga tariflarni oshirdi

  • Amerika Ovozi

Prezident Tramp Xitoyga tariflarni oshirishga qaratilgan farmonni imzolamoqda, Oq uy, Vashington, 22-mart, 2018-yil

Bugun AQSh Prezidenti Donald Tramp Xitoyga nisbatan tariflar oshirilgani haqida e’lon qildi. Hisoblarga ko’ra, buning natijasida Pekin yiliga 60 milliard dollar yo’qotishi mumkin.

Bungacha Tramp po’lat va alyuminiy importiga tariflar joriy etgan edi. Pekin g’azabda, javob choralari haqida ogohlantirmoqda.

Tramp Xitoyni AQSh texnologiyalari va intellektual mulkini o’g’irlayotganlikda ayblab, jazo choralari haqida anchadan beri gapirib kelgan edi. Unga ko’ra, Qo’shma Shtatlar javob bermoqda, xolos.

“Xitoyga eksport qilayotgan avtomobillarimizga Pekin 25 foizlik boj to’lovlari qo’yadi, bizning tariflarimiz esa ikki foiz, xolos”, - deydi Tramp.

Saylov kampaniyasi paytida Xitoyni tanqid qilgan Tramp prezidentlikka saylanganidan va Xitoy rahbari bilan ko’rishganidan so’ng u Si Zinpin haqida faqat ijobiy gapirdi.

Tramp AQShning Xitoy bilan savdosida 375 milliard dollarlik yillik kamomaddan shikoyat qilarkan, qo’shimcha tariflar hisobiga savdo kamomadi yiliga 100 milliard dollarga qisqarishini aytdi.

Tramp farmonni imzolashidan oldin Xitoy javob choralari haqida ogohlantirgan edi.

“Xitoy huquqlarining poymol etilishiga jim qarab turmaydi va ularni himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko’radi”, - deyiladi Savdo vazirligi bayonotida.

Ikki yirik mamlakat o’rtasida savdo urushi ehtimoli qimmatbaho qog’ozlar bozorlariga salbiy ta’sir qildi, kata kompaniyalar aksiyalarining bahosi tushib ketdi.

AQShdagi 45 ta savdo uyushmasi Oq uyga murojaat qilib, bojlarni bekor qilishni so’ragan. Ularga ko’ra, tariflar AQShda iste’mol mahsulotlariga narxlarni oshirib, ish o’rinlarining yo’qolishiga olib keladi, moliyaviy bozorni tushkunlikka tushiradi.